Dorixonalardagi tanqislik sababi nimada?

Pandemiya davrida viloyatimizdagi dorixonalarda koronavirus kasalligining oldini olish va  uni davolashda ishlatiladigan dori-darmonlarning tanqis bo‘lib qolganligi, borlari ham juda qimmat ekanligi ko‘pchilikni tashvishlantirmoqda.

Samarqand shahridagi Amir Temur ko‘chasida joylashgan «Yangi sharq» MChJ­ga qarashli dorixonada «Arbidol», «Ergoferon» kabi dorilarning yo‘qligiga guvoh bo‘ldik.

- Ushbu dorilar tugaganiga 4-5 kun bo‘ldi, - deydi dorixona mudirasi Kamola Qurbonova. – Ammo, xaridorlar ularning o‘rnini bosuvchi dorilarni ham so‘ramoqda. Talab ko‘paygani sababli ta’minotchi firmalarga ko‘proq dori vositalari buyurtma qilyapmiz.

Dorixonalarda shamollashga qarshi ishlatiladigan dorilarning ham narxi qimmatlashib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kasallikning yengil shakllarini davolash uchun tavsiya etilayotgan dorilar ham belgilangan narxdan ziyod sotilmoqda.

- Hozirgina «Farmatsevt» MChJga qarashli dorixonadan onam uchun dori sotib oldim, - deydi Toyloq tumanida yashovchi Sardor Kalonov. - Qon bosimini tushirish hamda shamollashni davolashda qo‘llaniladigan oddiy dori-darmonlar uchun 87 ming so‘m mablag‘ sarfladim. Ikki oy ilgari bular uchun 50 ming so‘mdan to‘lardim. Qimmat bo‘lsa-da sotib olishga majburman.

- Koronavirusga qarshi dorilarni ham so‘rab keluvchi xaridorlar soni ortgani tufayli zarur dori  vositalari tugadi, - deydi ushbu dorixona sotuvchisi Shohsanam Adasheva. – Shu paytgacha «Arbidol», «Sikloferon», «Ingavirin» kabi dori vositalarini so‘rab keluvchilar kam edi. Bir haftadan beri ko‘pchilik shularni so‘ramoqda. «Sikloferon»ning bir qutisini 170 ming so‘m, «Ingavirin»ni 75 ming so‘mdan sotdik.

Ayrim dorilar turli dorixonalarda turlicha narxda sotilmoqda. Hatto tibbiy vosita va niqoblarning ham narxlarida farq bor. Samarqand shahridagi «Erk-Diomed» MChJga qarashli dorixonada «Nazoferon» tomchilamasi 32 ming so‘m tursa, «Dilmuhammad farm servis» MChJ dorixonasida 25 ming so‘mga olish mumkin.

Shahardagi «Dilmuhammad farm servis» MChJ dorixonasida tashkil etilgan koronavirusga qarshi dori-darmonlar burchagida mavjud 20 turdagi dori-darmon orasida «Komplivit», «Arbidol», «Ergoferon» kabi tabletkalar yo‘q.

- Yuqumli kasalliklarga qarshi ishlatiladigan dorilarni ta’minotchimizga buyurtma qilganmiz, tez orada olib kelamiz, deb va’da qilishgan edi, - deydi mazkur dorixona mudiri Rohila Subhonova. – O‘n kun bo‘ldi tugaganiga, ko‘pchilik so‘rab kelyapti. Ilojimiz yo‘q, ularga shunga o‘xshash dorilardan tavsiya qilyapmiz.

Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi joylashgan hududda ham o‘nga yaqin dorixona faoliyat ko‘rsatadi. “Sibilekc-farm” MChJ, “Zuhra-Sevara-farm” MChJga qarashli dorixonalarda ham shu ahvol. Ularda tashkil etilgan koronavirus dori-darmonlari burchaklarida vazirlik tomonidan tavsiya qilingan dori vositalari to‘liq emas. «Arbidol», «Dipiridamol», «Ergoferon» kabi vositalar yo‘q. 

- Viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda dorixonalarga koronavirus kasalligiga qarshi dori-darmonlarni to‘liq yetkazib berish, narx-navoni pasaytirish borasida so‘z bordi, - deydi “Zuhra-Sevara-farm” MChJ mudiri Abdukarim Jamonqulov. – Dorixonamizda ham tavsiya etilayotgan 49 turdagi dorilarning 15 turi bor. Ta’minotchilar o‘z vaqtida yetkazib berolmagani tufayli xaridorlarga topib berolmayapmiz. Hatto shu paytgacha hech kim so‘ramagan “Azitromitsin” dori vositasidan bugun 8 quti sotildi. Ayrimlarining tanqisligi sababli cheklangan miqdorda sotishimizga to‘g‘ri kelyapti. 

«Nika farm servis» MChJga qarashli dorixonada esa Sovid-19 burchagida ham 14 turdagi dori vositalari bo‘lib, ularning teng yarmi zararsizlantirish vositalaridan iborat ekan. Tibbiy spirt, antisprey, tibbiy niqob va bir marta ishlatiladigan qo‘lqoplar mavjud. Koronavirus infeksiyasiga qarshi ishlatiladigan maxsus jamlanma 35800 so‘mdan sotilmoqda. Tavsiya etilgan dori -darmonlarning yarmi yo‘q.

- Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida koronavirus bilan kasallangan va uyida davolanayotgan bemorlarni bepul dori-darmon bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati tasdiqlandi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassis Norposhsha Shoxo‘jayeva. – Hozirda bu dori vositalarining 50 mingta to‘plami tayyorlanib, uyida davolanayotgan bemorlarga yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Endi bu kabi bemorlarga dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblar belgilangan miqdorda, bepul yetkazib beriladi. Uydagi bemor o‘zi yashayotgan hududda joylashgan tibbiyot muassasasining shifokorlari tomonidan o‘n kunlik karantinga olinadi va dori-darmonlar ularning nazorati ostida beriladi.

Bugungi kunda viloyatimizda 65 turdagi dori vositalarining zaxirasi yaratilgan. 52 ta ulgurji savdo, 12 ta yirik farmatsevtik kompaniya vakillari bilan muzokaralar olib borildi.

Shuningdek, Rossiya, Hindiston, Belarus, Armaniston va Sloveniya davlatlaridagi yirik farmatsevtika kompaniyalari bilan 8,8 milliard so‘mlik dori-darmonlar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

- Bugungi kunda viloyatimizdagi 200 dan ziyod dorixonalarda koronavirusni davolashda ishlatiladigan dori-darmon vositalari sotilmoqda, - deydi «Samarqand dori-darmon» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Furqat Shermatov. – Kasallikni yengishda tez samara beruvchi dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida xorijlik hamkorlarimiz bilan ham yaqin munosabat o‘rnatganmiz. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya qilingan «Azitromitsin», «Paratsetamol», «Vitamin S» kabi 5 turdagi dori vositalarini barcha dorixonalarimizga tarqatdik.

Dilmurod TO‘XTAYeV,
«Zarafshon» muxbiri.
* * *
Baxtiyor MUSTANOV
olgan suratlar.