Do‘stlik festivali
Viloyatimizda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” an’anaviy madaniyat va do‘stlik festivali o‘tkazilmoqda.
Har yili an’anaviy tashkil etiladigan tadbir viloyat yoshlar markazida yurtimizdagi diniy bag‘rikenglik, millatlararo hamjihatlik, do‘stlik aks etgan fotosuratlar ko‘rgazmasi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng “Harakatlar strategiyasining millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyati” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i A.Husenov, respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov, viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov va boshqalar yurtimizda ijtimoiy barqarorlik va tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Viloyatimizda bugungi kunda yuzdan ortiq millat va elat vakillari tinch-osoyishta hayot kechirib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. 11 ta milliy madaniyat markazi turli millatlarning tili, urf-odatlarini qadrlash, millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida samarali faoliyat olib bormoqda.
Festival doirasida Kattaqo‘rg‘on shahri va Urgut tumanida turli millatlar vakillari bilan uchrashuvlar, badiiy kechalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatdagi milliy-madaniy markazlar badiiy-folklor jamoalari tomonidan katta konsert dasturi namoyish etiladi.