Do‘stning qarori

Ikki badavlat do‘st bor edi. Ularning o‘zaro mehr-oqibatiga hamma havas qilardi. Taqdir taqozosi bilan ulardan biri kambag‘al bo‘lib qoldi. U shu darajada kambag‘allashdiki, hatto so‘nggi molini ham sotishga majbur bo‘ldi. Faqirlik «olovli ko‘ylak» deganlar. Bu bechora esa birdaniga bu «ko‘ylak»ni kiygani uchun telba bo‘layozdi. Nima qilishini bilmay qoldi.
Nihoyat, boy do‘stiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Uning eshigini taqillatdi. Boy xizmatkorlariga: «U odamni quvib yuboringlar, daf bo‘lsin!» deya baqirdi. Xizmatchilar kambag‘alni eshikdan shunday quvdilarki, faqir dovdirab, majnun kabi aqlini yo‘qotdi, butun dunyo unga so‘ngsiz azoblar beradigan zindonday ko‘rinib ketdi. Uyiga shuursiz, xuddi o‘lik kabi qaytdi. O‘z-o‘ziga: «Ha, demak, dunyo shunchalik zindon, odamlar shu qadar vahshiylashgan ekan, eng so‘nggi umid o‘limdir» deya qaror qildi.
Bir qog‘ozga shunday vasiyatnoma yozdi: «Oh, hayot! Qanchalar achchiq ekansan. Uni faqat boshimga tushganda angladim. Hozir har tarafim taqdir olovi ichida yonayapti. Boshqa xech kimdan umidim qolmadi».
Arqonni qo‘liga olishi bilan uyning eshigi qattiq taqilladi. Eshikning bemahal taqillashi uni hayratlantirdi.
Boy do‘sti bir qariyani chaqirib unga shunday degan edi:
- Boring! Bu hamyondagi oltinni oling. Faqir bo‘lib qolgan do‘stimga bu otasining puli ekanligini aytib, qo‘liga bering. Vaqtida qaytarolmadim, deb kechirim so‘rangu, keting. Aslo men haqimda gap ochmang, - dedi.
Qariya hozir faqirning eshigini shu sababli taqillatardi. O‘lishga chog‘lanib turgan faqir eshikni ochdi. Qariya kamoli ta’zim bilan salom berdi va: "Bolam! Ancha yil avval rahmatli otangdan ming oltin qarz olgan edim. Shuni bugun keltirdim", dedi...
Oltinni ko‘rib yigitning ko‘zlari yoshlandi. Boshqadan umid yo‘qligini bilgan yigit bu oltinlarni reja bilan sarfladi. Hech kimga pulini oldirmadi. Kundan-kunga ishi rivojlandi. Uy solib, do‘konlar ochdi. Josus bu holni boyga yetkazdi. Boy do‘sti: «Bo‘ldi, endi do‘stimning ziyoratiga boramiz», dedi.
Ziyorat qilgani kelgan do‘stini faqir do‘sti yaxshi qarshi olmadi. Quvib solishni ham o‘yladi. Boshida ming turli yomon fikr kezdi. Boy do‘sti: «Biz sen bilan sodiq do‘stmiz» deyishi bilan faqir do‘sti chiday olmadi:
- Yolg‘on! - dedi va unga achchiq so‘zlarni aytishni boshlashi bilan boy do‘sti:
- Bilsang, sen uchun qancha iztiroblar chekdim. Sening eng g‘amli paytingda falon qariyadan senga pul jo‘natgan men edim. Falon kuni falon soatda ming oltin yuborgan men edim, - dedi.
Yigit bu so‘zlarni eshitib hayron bo‘ldi: "Nega bunday qilding?", dedi.
- Do‘stim! Agar pulni men berganimda, menga asir bo‘lar eding. Holbuki, seni juda yaxshi ko‘raman. Seni hayotga qaytarish orzusida edim. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bugun seni hayotda mustaqil va o‘z o‘rningni topgan holda ko‘rib turibman, — dedi.