DTM oliy o‘quv yurtlariga test yakunlari bo‘yicha qaydnomalarni taqdim etmagan

25 sentyabr kuni Davlat test markazi 2020/2021 o‘quv yili uchun test sinovlari yakuniy natijalarini e’lon qilgach, talabalik baxti nasib etganlar va bu sharafdan benasib qolganlar hamda ularning ota-onalari yana oliy o‘quv yurtlari qabul komissiyasi eshigini qoqdi. Keyingi kunlarda Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalariga ham ana shunday murojaat bilan kelayotganlar ko‘paydi.

Testdan muvaffaqiyatli o‘tganlar hujjat topshirish va o‘qish qachon boshlanishini bilish uchun, bali yetmaganlar tabaqalishtirilgan kontrakt asosida o‘qish uchun qabul komissiyalariga murojaat qilmoqda.

Ammo ta’lim muassasalari qabul komissiyalarining ma’lum qilishicha, DTM haligacha test sinovlari yakunlari bo‘yicha qaydnomani oliy o‘quv yurtlariga taqdim etmagan. Shu sababli aholining yuqoridagi singari savollari ochiq qolmoqda.