Test uchun to‘lov qilgan abituriyentlardan nega yana to‘lov qilish so‘raldi?

DTM matbuot xizmati xabariga ko‘ra, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar testda qatnashish uchun BHMning yarim baravari (122 500 so‘m) miqdorida to‘lov qilishlari shart.

To‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tmagan hisoblanadi va test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Shu sababli DTM tomonidan 20-22 iyul kunlari respublikada dam olish kunlari deb e’lon qilinganligi sababli bank kassalari ishlamasligi mumkinligini inobatga olgan holda 19 iyul kuni test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha e’lon bergan va eslatma sifatida abituriyentlarga SMS-xabar yuborilgan.

“Albatta bu abituriyentlardan ortiqcha to‘lov undirish maqsadida emas, balki ularni xabardor qilish, ularga qo‘shimcha eslatma berish maqsadida amalga oshirildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish tizimi (my.dtm.uz) Yagona billing tizimiga integratsiya qilingan bo‘lib, oldingi yillar bitiruvchilariga invoys shakllantiriladi. Bitta invoys raqamiga belgilangan miqdor (122 500 so‘m) dan ortiq to‘lovni amalga oshirish imkoni mavjud emas. Ya’ni, abituriyent to‘lovni to‘liq amalga oshirgan bo‘lsa, mazkur invoys raqamiga boshqa to‘lov qilib bo‘lmaydi. Buning natijasida abituriyentlar tomonidan ortiqcha to‘lov qilinishining oldi olinadi.

Eslatib o‘tamiz, ro‘yxatga olish jarayoni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining my.dtm.uz sayti orqali amalga oshirilmoqda va bugun, 22 iyul kuni tugaydi.