Dunyoda multimillionerlar soni kamaygani ma’lum qilindi

2022 yilda multimillionerlar - sof boyligi 30 million dollardan ortiq odamlar kamayishi kuzatilgan.

Bu haqda Wealth-X tadqiqot kompaniyasi ma’lum qilgan.

Kompaniya hisobotida qayd etilganidek, o‘tgan yili dunyoda 395 mingdan ziyodroq multimillioner bo‘lgan, bu 2021 yilga nisbatan 5,4 foizga kam. Ularning umumiy boyligi 5,5 foizga kamayib, 45,4 trillion dollarni tashkil qilgan.

O‘ta boy odamlar sonining kamayishi dunyoning aksariyat mintaqalarida sodir bo‘lgan, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharq bundan mustasno. Asosiy sabab yuqori inflyasiya, markaziy bank stavkalarining oshishi, fond indekslarining pasayishi va lokdaun tufayli Xitoy iqtisodiyotining sekinlashishi bo‘lgan.

Qo‘shma Shtatlarda multimillionerlar soni 4 foizga, Xitoyda - 7,1 foizga, Fransiyada 11,9 foizga kamaygan. Hindiston - o‘sish qayd etilgan yagona yirik davlatdir.

Shaharlar orasida multimillionerlar soni 23 foizga kamayganiga qaramay, Gonkong yetakchiligicha qolmoqda. Keyingi o‘rinlarda Nyu-York, London, Los-Anjeles va San-Fransisko turibdi.