Dunyodagi “boshqacha” muzeylar

Bugun Xalqaro muzeylar kuni. Shu bois dunyodagi eng noodatiy muzeylar bo‘ylab "sayr qilish"ni lozim topdik. Qolaversa, muzeylar bizga xalqlar tarixi, madaniyati, hayotini o‘rganishga yordam beradi. Dunyoda qiziqarli, haqiqiy xazinalar bilan to‘lib-toshgan, zerikarli, shoshqaloqlik bilan yaratilgan yoki yorqin nomi bilan ajralib turadigan “boshqacha” muzeylar ham bor.

Pullar muzeyi

Kanzas-Siti (Missuri, AQSh) shahriga tashrif buyuruvchilarga AQSh moliya tizimi haqida bepul va batafsil tushuncha beradigan muzeyga borish taklif qilinadi. Muzeyning o‘zi Kanzas-Siti Federal zaxira bankida joylashgan. Mehmonlar shtatdagi eng yirik pul omborxonasini ko‘rishlari, o‘z valyutalarini yaratishlari va mashhur Trumen tangalar kolleksiyasi bilan tanishishlari mumkin.

“Muvaffaqiyatsiz san’at” muzeyi

Albatta, san’atga baho berish deyarli mumkin emas, chunki u sub’yektivdir, biroq “O‘ngidan kelmagan san’at” muzeyida taqdim etilgan eksponatlarni, masalan, chiqindi qutilarini boshqa joyda tasavvur qilish qiyin. Massachusets shtatida joylashgan ikkita galereyada g‘ayrioddiy, kulgili rasmlar va haykallar mavjud. U yerga kirish bepul va uning "San’at e’tiborsiz qolgani tufayli juda qadrsizdir", deyilgan o‘z shiori bor.

Tuzdon va qalampirdon muzeyi

QShning Getlinburg shahrida muzeyda saqlanadigan eng katta tuzdon va murchdon kolleksiyasi joylashgan. Muzeyda dunyoning turli burchaklaridan to‘plangan 20 ming juftdan ortiq tuz va qalampir idishchalari bor. Shuningdek, u yerda chig‘anoqlar, tog‘ toshlari, kristallar va hatto qimmatbaho toshlar kabi noodatiy materiallardan tayyorlangan eksklyuziv tuzluq va murchdonlar taqdim etilgan.

Ramyon (yapon milliy taomi) muzeyi

Sayohat qilish har doim yoqimli va qiziqarli, unda qancha yangi narsalarni bilib olish mumkin. Misol uchun, Yaponiyada ugra va sabzavotlardan tayyorlanadigan ramyon taomini juda yaxshi ko‘rishadi. "Kunchiqar mamlakat"da joylashgan ajoyib Shin-Yokohama nomli ramyon muzeyida to‘g‘ri ovqatlanish uchun kerak bo‘lgan hamma narsa - ovqat pishirish va ovqatlanish uchun idishlar, pardalar, oshpazlar fartuklari, tayoqchalar va 300 dan ortiq maxsus likobchalar bor. Tashrif buyuruvchilarga mashhur taomning tarixi bilan tanishish, ramyonni to‘g‘ri tayyorlashni kuzatish, shuningdek, ramyon ishtirokidagi reklama va video o‘yinlar taqdim etiladi.

Xalqaro josuslik muzeyi

Siyosiy voqealarning murakkab jumboqlarini bilib olishni xohlaysizmi? U holda Xalqaro josuslik muzeyi aynan siz uchun! Vashingtonda joylashgan muzeyda josuslar olami yodgorliklari, shuningdek, shpionlar haqida tarixiy ma’lumotlar aks ettirilgan eksponatlar mavjud. Mehmonlar bu yerda Markaziy razvedka boshqarmasi va boshqa maxfiy xizmatlar agentlarining turli xil josuslik qurilmalari, transport vositalari, qurollar, ovoz eshitish moslamalari, kameralar va transport vositalari bilan tanishishlari mumkin.

Spam muzeyi

Bu siz o‘ylagan narsa emas. Dastlab “Spam” so‘zi kolbasa uchun konservalab qo‘yilgan qiyma go‘shtni bildirgan. Minnesota shtatining Ostin shahridagi muzey barcha mehmonlarni markali qiyma go‘shti bilan siylaydi. Javonlarda 3 ming 400 dan ortiq quti spam joylashtirilgan, monitorlarda mashhur qiyma go‘shtning eski reklama roliklari doimiy ravishda aylantirib boriladi.

O‘rta asr qiynash anjomlari muzeyi

Yevropa tarixi kitoblarida inkvizitsiya va qiynoqlar haqidagi tarixiy faktlar juda ko‘p. Chexiya poytaxti Praga shahridagi O‘rta asr qiynoq anjomlari muzeyiga tashrif buyuruvchilar dahshatli davrda qo‘llanilgan shafqatsiz asboblarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari mumkin.
Muzeyda 60 ga yaqin ana shunday asbob va uskunalar mavjud bo‘lib, gidlar ularni qo‘llash haqida turli tillarda va batafsil so‘zlab beradi. Har bir qurolda undan foydalanishi tasvirlangan o‘yma naqshlar mavjud.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.