Ehtirom bu yil boshqacha

Bugun Samarqandda Afg‘onistondagi harbiy harakatlar tugaganining 30 yilligi va O‘zbekiston “VETERAN” jangchi faxriylari va nogironlari Birlashmasining 25 yilligi katta bayram qilindi.

Har yili 15 fevralda bu kun butun O‘zbekistonda bayram qilinar, sobiq “afg‘on”lar yig‘ilishar, quroldosh do‘stlarini eslashar edi. Samarqandda ham bu narsa an’anaga aylangan, ammo, yashirib nima qildik, bu bayramlar “VETERAN”ning va “afg‘onlar”ning o‘z tashabbusi, homiylar ko‘magi bilan tashkillashtirilar edi.

Bu yil hammasi boshqacha bo‘ldi. Ilk bor bu kunni nishonlash hukumat darajasida tashkillashtirildi.

Ertalab teatr maydonida yig‘ilgan Afg‘on urushi qatnashchilarini avtobuslarda Motamsaro Ona haykali yoniga olib kelishdi. Harbiy orkestr ijro qilgan marsh sadolari ostida Samarqand shahar hokimiyati, Samarqanddagi harbiy qismlar nomidan Motamsaro Ona haykali poyiga gullar qo‘yildi. Shundan so‘ng Afg‘on urushi qatnashchilari ham saf-saf bo‘lib, Ona haykali poyiga gullar qo‘yish bilan Afg‘on urushidan qaytmagan do‘stlari va judolik motamsaro qilgan Ona – O‘zbekistonga hurmat va ehtiromlarini izhor qildilar.

Urush qatnashchilirini Harbiylar shaharchasiga, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligiga olib borishdi. Sobiq jangchilar o‘z izdoshlari bo‘lgan bugungi Vatan himoyachilarining faoliyatlari bilan, ularning yotoqxonalari, oshxonalari, o‘quv, mashq maydonlari bilan tanishdilar. O‘quv maydonida tashkil qilingan ko‘rgazmaga qo‘yilgan qurollarni ko‘rganlarida sobiq jangchilar hayajonga tushib qolishdi: axir ikki yillab urushda ko‘tarib yurgan qurollari: Kalashnikov avtomatlari, snayper miltiqlari, qo‘l pulemyotlari, minamyot va gratanomyotlar va turli boshqa qurollar ularning xotiralarini uyg‘otib yuborgan edi-da.

 

Jangchilar yosh askarlarga savollar berib, ularning g‘oyaviy bilimlarini sinab ko‘rgan bo‘lsalar, avtomatlarni tez yechib yig‘ishni talab qilib, jangovar tayyorgarliklarini ham sinovdan o‘tkazishdi. Sobiq jangchilar o‘zlariga qadrdon bo‘lgan qurollarni ko‘tarib, suratlarga ham tushdilar.

Shundan so‘ng avtobuslar Hazrati Xizr majmuasi sari yo‘l oldi. Urush veteranlari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdi. Qur’on tilovatidan so‘ng Afg‘on urushida shahid bo‘lgan yurt o‘g‘lonlari haqiga ham duolar qilindi.

Tadbirning tantanali tushlik va konsert qismi “Sadaf” bazmgohida bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar urush qurbonlarini yodlab, tirik qaytganlarga uzoq umr, sihat-salomatlik tilashdi. Viloyatning san’at ustalari va havaskor yoshlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, ayniqsa, chiqishini Afg‘on qo‘shiqchisi Ahmad Zohirning qo‘shig‘i bilan boshlagan O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Mardon Mavlonovning qo‘shiqlari barchaga manzur bo‘ldi.

Bayram Afg‘on urushi qatnashchilariga sovg‘a-salomlar ulashish, yaxshi tilaklar bilan nihoyasiga yetdi.

– Bu yilgi bayram boshqacha bo‘ldi, – dedi biz bilan suhbatda Afg‘on urushi qatnashchisi, shahar kasalxonasi vrachi Habibulloh Murtazoyev. – Avvalo, har yilgidan ko‘p, 300 dan ortiq quroldoshlarimiz bayramga taklif qilindi. Qolaversa, hammasi shahar va viloyat hokimiyati tomonidan yuqori saviyada tashkil qilindi. Biz, Afg‘on urushi qatnashchilariga har doimgidan ham katta e’tibor qilinib, yuksak ehtirom ko‘rsatildi.

Bayram tantanalari 2 fevral kuni Toshkent shahrida davom etadi. “Turkiston” konsert saroyida O‘zbekiston va Rossiya estrada yulduzlari ishtirokida katta bayram konserti uyushtiriladi. Tantanalarda Samarqand “afg‘onlar”idan ham bir guruhi qatnashadi.

Karimberdi To‘ramurod.