Elektoral madaniyat - bu saylovlarda ishtirok etish, huquqiy bilim va siyosiy faollik
Bugun dunyoning demokratiyaga asoslangan mamlakatlarida saylovlarning davlat boshqaruvida tutgan o‘rni beqiyos. Chunki “demokratiya” so‘zi yunonchadan olingan bo‘lib, “xalq hokimiyati”, degan ma’noni bildiradi. Demokratiyaning ikki ko‘rinishi mavjud. Ya’ni, bevosita demokratiya va bilvosita demokratiya. Bevosita demokratiya fuqarolarning davlat boshqaruvida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi bo‘lib, bu referendumlarda qatnashish orqali ta’minlanadi. Demokratiyaning keyingi ko‘rinishi biz uchun muhim bo‘lgan bilvosita, ya’ni vakillik demokratiyasidir. Bunda fuqarolar davlat boshqaruvida o‘zlari saylagan vakillar orqali ishtirok etadi. Demokratiyaning yuqoridagi ikki ko‘rinishi o‘z huquqiy asosini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan oladi. So‘z yuritilayotgan mavzumiz - elektoral madaniyat aynan vakillik demokratiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, elektoral madaniyat o‘zi nima?
Elektoral so‘zining etimologiyasi lotincha “elektor” – saylovchi so‘ziga borib taqaladi. Elektoral madaniyat esa fuqarolarning o‘z siyosiy huquqlarini amalga oshirish uchun saylovlarda ishtirok etishi, saylov qonunchiligiga oid huquqiy bilimlarga ega bo‘lishi, umuman olganda, mamlakatda o‘tkazilayotgan saylovlar jarayonida namoyish qiladigan siyosiy faolliklari tushuniladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda saylovga oid qonunchilikni takomillashtirish, saylov jarayonlarini demokratlashtirish va fuqarolarning elektoral madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar samarasida saylovlar o‘zining ikkinchi bosqichiga ko‘tarildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, Saylov kodeksi qabul qilinib, uning asosida 2019 yil 22 dekabrda “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlarda ilk bor 5 ta siyosiy partiya ishtirok etdi. Saylovlarning ochiq-oshkora, xalqaro standartlar asosida o‘tkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlat hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi, jumladan, birinchi marta Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi ishtirok etdi.
Demak, demokratik davlatlarda saylovlarni shaffof, xalqaro standartlarga va demokratizm prinsiplariga mos tarzda tashkillashtirish hamda o‘tkazishda aholining aynan elektoral madaniyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Buni yaqqol anglab yetish uchun har bir fuqaro, avvalambor, o‘zida daxldorlik hissini tuyishi, davlat taqdiri kelajak-avlod taqdiri ekanligini bilishi zarur. Chunki demokratiyaning tub mohiyati xalq hokimiyatchiligini anglatar ekan, saylovlarda ishtirok etishni majburiyat deb emas, balki imkoniyat deb qabul qilish o‘rinli bo‘ladi.
Saylovlarda fuqarolarning ishtirok etishiga oid statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlarda saylovlarning aholini qamrab olish darajasi ancha yuqori ekanligini va bu ko‘rsatkich yildan-yilga ortib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Hatto, ayrim davlatlarda saylovlarda aholining to‘liq ishtirokini ta’minlash maqsadida ovoz berish majburiy hisoblanadi. The World Factbook ma’lumotlar bazasining qayd etishicha, dunyoning 21 ta mamlakatida majburiy ovoz berish tizimi amal qiladi. Bu mazkur davlatlar fuqarolarining siyosiy faolligini oshirish maqsadida o‘rnatilgan tartib sanaladi. Shunday bo‘lsa-da, ushbu davlatlarning ko‘pchiligida saylovlarda uzrli sabablarga ko‘ra (masalan kasallik), ishtirok etmaganlar uchun javobgarlik mavjud emas.
Shuni ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyamizning 32-moddasida mustahkamlangan saylov huquqidan barcha faol foydalanishi, saylovlarda ishtirok etishi mamlakat kelajagi, millat ravnaqi uchun juda ahamiyatlidir. Shuning uchun, har bir fuqarodan saylov jarayonlarida yuksak mulohazakorlik va mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi talab etiladi. Negaki, xalq kimga ishonch bildirsa, ertaga u butun mamlakat taqdirini belgilab beruvchi jarayonlarni boshqaradi.
Ulfat Shonazarov,
Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filiali o‘qituvchisi.