Ellik yil avval ishlab chiqarilgan "Jiguli", "Moskvich", "Volga", "Niva" kabi avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi

2026 yil 20 yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimi “Ma’muriy amaliyot” moduli mas’ul vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

2026 yil 1 fevraldan:

- umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, konlar, shaxta va karerlarda qo‘llaniladigan maxsus transportlar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar, shuningdek, “antikvar” avtomototransportlar uchun alohida seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari joriy etiladi;

- ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi hamda ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi.

Avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi hujjatlarni vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olish yo‘lga qo‘yiladi:

- avtomototransport oldi-sotdi shartnomasi;

- “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;

- davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan avtomototransportlarga beriladigan elektron hisob-ma’lumotlar;

avtomototransport vositasi mulkdorining ma’lumotlari.