Endoprotezlar qachon o‘zimizda tayyorlanadi?

So‘nggi vaqtlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari olishda sarsongarchilik va oylab navbat kutishga uchrayotgani haqida ko‘p eshityapmiz. Chunki bugungi kunda viloyatimizda protez mahsulotlarini tayyorlaydigan birorta korxona yo‘q. Ularni faqat Toshkent shahridagi korxonalar ishlab chiqarmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 20 iyunda qabul qilingan "Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, 2018-2022 yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, tibbiy-ijtimoiy muassasalarini qurish va rekons­truksiya qilish belgilangan.

- Viloyatimizda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasi yetarli darajada bo‘lmaganligi sababli tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyaning ilg‘or uslublarini joriy qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini protez-ortopediya mahsulotlari bilan o‘z vaqtida ta’minlashning imkoni bo‘lmayapti, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ilhom Vahobov. - Hozirda viloyatimizdagi 1,5 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarga bor-yo‘g‘i ikkita ortopediya-reabilitatsiya va protezlarni ta’mirlovchi ustaxona xizmat ko‘rsatadi. Ularda  ham mahsulotlar ishlab chiqarilmasdan, faqat ta’mirlanadi. Joriy yilda muhtojlarni yangi ortoped-protez vositalari bilan ta’minlash maqsadida 620 million so‘mlik loyiha-smeta tasdiqlandi. May oyida tender o‘tkazilgach, korxonalarga pul o‘tkazib beriladi.

Tajribali usta Muhabbat Tohirova boshqarayotgan Toshkent ortopediya mahsulotlari Samarqand filiali viloyatimizdan tashqari Jizzax, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ortopediya vositalarini ta’mirlab beradi. Yetti kishi mehnat qilayotgan ustaxona orqali o‘tgan yili maxsus talon asosida charm-shina protez, protez poyabzal kabi 350 ga yaqin murakkab ortopediya mahsulotlari yetkazib berilgan bo‘lsa, yuzdan ortig‘i shu yerning o‘zida ta’mirlandi.

Bugungi kunda ustaxonada mijozlar buyurtmasi bo‘yicha 8 turdagi mahsulot tayyorlanadi. Ammo, ko‘krak bezi protezi, murakkab ortoped poyabzali va protezga poyabzal, bandaj, ortoped apparatlari kabi tayyor buyum-mahsulotlar poytaxtda joylashgan bosh korxonadan olib kelinadi. Ustaxonada bemalol ishlash uchun shart-sharoit yo‘qligidan ustalar ayrim buyurtmalarni uylarida tayyorlab kelishga majbur bo‘lishadi. Ikkita kichik va pastqam xonalarda charm va protez tikuvchi mashinalar, turli qoliplar, press, temir o‘tkirlovchi va kesuvchi uskunalar joylashtirilgan.

- Ustaxonamiz zarur charm-shina mahsulotlar va ehtiyot qismlar yetishmaganligi sababli bir necha bor o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi, - deydi Muhabbat Tohirova. - O‘z binomiz yo‘qligidan Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan ajratib berilgan kichikroq xonalarda ijara asosida ish yurityapmiz. Xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida bino ajratib berishlarini so‘rab Samar­qand shahar hokimligiga murojaat qilganmiz.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Toshkent protez-ortopediya korxonasining viloyat filiali bilan ham joriy yil uchun hali shartnoma tuzmagan. Viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi qoshida joylashgan mazkur ustaxonada son, boldir, qo‘l va oyoq tutorlari oyoq apparati, murakkab va protez uchun poyabzallar tayyorlash imkoniyati mavjud. Ammo, mablag‘ yo‘qligi sabab ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan plastik mahsulot va ehtiyot qismlar sotib olishning iloji yo‘q.

- O‘tgan yili qariyb 148 million so‘mlik 340 ga yaqin plastikli ortopediya mahsulotlarini o‘z egalariga yetkazib bergan bo‘lsak, joriy yilda hali birorta ham buyurtma olganimiz yo‘q, - deydi ustaxona rahbari, travmatolog-ortoped Bozorboy Voisov. - Chunki hali tender o‘tkazilgani yo‘q. Kutyapmiz, tezroq mablag‘ ajratilsa, talon asosida ishlarni boshlab yuborardik. 160 million so‘mlik ortoped-protez mahsulotlari tayyorlash uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan. Ammo, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Toshkentdagi korxonamiz bilan hali shartnoma imzolamagan. Hozircha har oyda markazda davolanayotgan 20-25 nafar bemorning eski protezlarini yamash, mayda-chuyda ta’mirlash ishlari bilan vaqt o‘tkazyapmiz.

Shuningdek, bu yerda malakali protezchi mutaxassislar yetishmagani sababli murakkab protezlarni Toshkent protez-ortopediya korxonasidan kelgan tajribali ustalar yasab berishadi. Ular ikki hafta shu yerda bo‘lib, 100 ga yaqin turli ortoped-protezlar, plastik korsetlar, qo‘l va oyoq tutori kabi alohida e’tibor talab qiladigan mahsulotlarni yasab, ta’mirlab "oyoqqa qo‘yishadi". 

"Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari va kreslo-aravachalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom"ga ko‘ra, ta’mirlash ishlari uchun mablag‘ ajratilmaydi. Ular naqd pulda amalga oshiriladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning kasallik turiga qarab protezlar 2 yilda bir marotaba berilsa, ba’zilari 1 yilda almashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, tibbiyot birlashmalari tomonidan ajratilgan talonga beriladigan barcha protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bemorlarga bepul yetkazib beriladi.

Dilmurod TO‘XTAYEV.