Energetika isloh qilinsa taraqqiyot jadallashadi

Davlatimiz rahbari Parlamentga murojaat qilar ekan, energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish uchun mamlakatimiz energetika tizimini isloh qilishimiz, bu borada aniq strategiya ishlab chiqishimiz lozimligini aytib oʻtdi.

Ushbu soha menga begona boʻlmagani bois yaxshi bilaman: energetika sohasini isloh qilish nafaqat aholiga sifatli kommunal xizmat koʻrsatish, balki butun iqtisodiyot, mamlakat taraqqiyotida eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

Murojaatda taʼkidlanganidek, bugun birgina elektr tarmoqlari eskirib ketgani uchun 15-20 foiz energiya tarmoqning oʻzida, isteʼmolchilarga yetib bormasdan yoʻq boʻlib ketmoqda. Yana qator elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalari eskirib ketgani tufayli katta miqdorda tabiiy gaz sarf­lab, nisbatan oz miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.

Bundan bir necha yil oldin xorijliklar Toshkentda minitexnologiyalar koʻrgazmasi oʻtkazgandi. Oʻshanda zamonaviy, kichik ishlab chiqarish sexlarini koʻzdan kechirarkanman, xorijliklarga “Mana shu sexlar koʻrgazmasini viloyatlarda ham oʻtkazinglar, qiziqish juda kuchli“ deganimda bergan javoblari hech esdan chiqmaydi. “Axir viloyatlaringizda uzluksiz elektr energiyasi yoʻq-ku“, deyishgandi. Yana bir misol, 4-5 yil oldin rahbarlardan biri tumanda tadbikorlar bilan uchrashuv oʻtkazib, ularning muammolarini soʻradi. Tadbirkorlar doimiy elektr energiyasi kerakligini soʻrashdi. Chunki aytaylik, qolipli non ishlab chiqarishda agar elektrda ikki daqiqalik uzilish boʻlsa, barcha mahsulot yaroqsiz boʻlib qoladi.

Mana, nima uchun sohaga davlat rahbari eʼtibor qaratyapti? Bu sohadagi muammolar diqqat markazimizda boʻlsa, ularga yechim topsak, taraqqiyotimiz oʻylaganimizdan jadalroq kechadi.

Xolmuhammad BOʻRIYEV,

viloyat uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi xodimi.