Energetika vazirligi anomal sovuq kunlari elektr ta’minotida grafik asosida qisqa muddatli o‘chirishlar bo‘lishini ma’lum qildi

Energetika vaziri boshchiligida tizim korxonalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda aytilishicha havo harorati keskin pasaygan kunlarda:

1. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi;

2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi;

3. Energotizimdagi yirik iste’molchilarning kunlik elektr energiyasi iste’moli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste’moliga yo‘naltiriladi;

4. Barcha iste’molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun mahalliy hokimliklar bilan kelishib, tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi;

5. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida kuniga o‘rtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasi yaratildi;

6. Iste’molchilarga kunlik ko‘mir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi.

Yig‘ilishda sovuq kunlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ham yuklamalar keskin oshishi aytilgan.

Bunda, dispecherlar mahalliy hokimliklar va hududiy elektr tarmoqlari belgilangan muddatdan ortiq cheklovlar kiritmasligi aytilgan.

Ikki soatdan oshmagan vaqt oralig‘ida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilib borilishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, iste’molchilar elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi @HET_admin administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yuzasidan 1104 yoki 104 telefon raqamlariga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.