Zamonaviy dunyoda deyarli barcha joyda muqobil energiyaga o‘tilyapti. Sharoit, imkoniyat bo‘lsa-da bizda bunga e’tibor nega sust?

Elektr energiyasining 1 soat yoki 1 sutka uzilishi viloyat iqtisodiyotiga qancha zarar keltirishi haqidagi hisob-kitob hali kuzatilmagan holat. Vaholanki, birgina o‘tgan yili qish chillasida elektr ta’minoti ogohlantirishsiz uzilgani Kattaqo‘rg‘on tumanidagi issiqxonalarning milliardlab zarar ko‘rishiga sabab bo‘lgandi. Demak, birgina issiqxonaki shuncha zarar ko‘ryaptimi, boshqa ishlab chiqaruvchilar ham undan kam bo‘lmagan pul yo‘qotyapti. O‘z navbatida bu byudjet daromadida kamayish, asosiysi, iqtisodiyotga salbiy ta’sir emasmi?

Yo‘q, voqeliklarning rivoji go‘yoki bunday emasdek ko‘rinadi. Zotan, elektr energiyasi yetkazib berishdagi uzilishlar hamon davom etmoqda. Tabiiyki, iqtisodiyot bundan milliardlab zarar ko‘ryapti. Mutasaddilar, olimlar, soha mutaxassislari buni ko‘rib, bilib, o‘zlarini ko‘rmaganga, bilmaganga solayotganga o‘xshaydi.

Mutasaddilar jur’at toparmikan?

Davlatimiz rahbari yangi muddatga prezidentlikka saylangan inaugratsiya marosimida boshqa sohalar qatori energetika tizimida ham zamonaviy yondashuvlar yo‘lga qo‘yilishini alohida tilga oldi.

Aslida bu masala Prezident tomonidan sohada ilgari surilayotgan ilk taklif emas. Tizimni modernizatsiya qilish, elektr energiyasining muqobil shakllaridan foydalanishga o‘tish bo‘yicha qayta-qayta aytib kelyapti. Bu borada qator hujjatlar ham imzolangan. Biroq ularning ijrosiga kelganda “o‘raga sichqon tushdi, guldur-gup”.

Ajablantiradigani shuki, qaysidir sohada o‘zgarish, yangicha yondashuv bo‘lsa aksar hollarda davlat rahbari yoki viloyat miqyosida bo‘lsa, hokim tashabbus ko‘rsatishi shart. Oddiy misol zarnews.uz saytida Qoraqalpog‘iston Respublikasida quyosh panellaridan foydalanilayotganini xabar qildik.

Taassufki, biror mutasaddi, soha mutaxassisi yo biror olim bunga munosabat bildirmadi. Ushbu xabarda bu yangilik Namanganda ham yo‘lga qo‘yilgani aytildi. Ajablanarlisi, “buni Samarqandda joriy qilish uchun kimga, nima to‘sqinlik qiladi?” deb savol o‘rtaga tashlandi.

Xo‘sh, bunday holatda taraqqiyotdan, turmush farovonligidan gapirish o‘rinlimikan? Zotan, Energetika vazirligining o‘zi tizim yuklamani ko‘tarolmasligini aytib turibdi. Viloyat faollari esa hamon hokim nimadir deyishini kutishdan nariga o‘tmayapti.

Muqobil energiyaga zarurat bormi?

To‘g‘ri, Samarqandda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun hech bir ish qilinmayapti, deb bo‘lmaydi. “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati dastur doirasida katta ishlarni amalga oshiryapti. Muhimi, bu borada viloyat hokimligi ham qarab turgani yo‘q. Xususan, tizimdagi ahvol nochorligi, respublikadan ajratilayotgan mablag‘ hisobiga hali-beri moddiy-texnik bazani yaxshilash imkoni yo‘qligi uchun beton ustunlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Viloyat hokimining bu tashabbusi bilan viloyat elektr tarmoqlari korxonasida 10 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahrida ishlab chiqarilayotgan transformator punktlaridan mahalliy foydalanuvchilarga yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda. Ma’nan eskirgan simyog‘ochlar mahalliy byudjet mablag‘lari asosida almashtirilyapti.

Ammo bu mavjud muammoga yechim emas, aslida. Negaki, potensial foydalanuvchilar kun sayin ortib boryapti, infratuzilma har qancha yangilangani bilan mahsulot tanqis bo‘lgach, uzilish davom etaverishi tayin. Va amalda bunga guvoh ham bo‘lyapmiz.

Kimdir aytishi mumkin: viloyatda 4-5 joyda mini GESlar tashkil qilinyapti. Bu elektr energiyasi yetkazib berishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shubhasiz, shunday ham bo‘ladi. Ammo masalaning yana bir nozik jihati borki, uni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Chunki, keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli yog‘ingarchilik miqdori yil sayin kamayib boryapti. Tabiiyki, suv havzalarida ham suv miqdori pasayib ketyapti. Bu jarayon to‘xtovsiz davom etyapti. Demak, suvdan energiya ishlab chiqarish ham muammoga yechim bo‘lolmaydi.

Bas shunday ekan, muqobil energiyadan foydalanishga o‘tish shart.

Bizningcha, quyosh panellari bor-yo‘g‘i mutasaddilar, soha xodimlari uchun noqulaylik tug‘diradi, xolos. Negaki, zamonaviy dunyoda deyarli barcha joyda muqobil energiyaga o‘tilyapti.

Oddiy misol, saytimizda Finlandiyada yangi qurilayotgan uylar o‘zini o‘zi ta’minlaydigan bo‘lyapti. Ya’ni, ularga elektr energiyasi yetkazib berish uchun hech qanday sim yo kabel tortib kelinmaydi. Bunday uylar quyoshdan, shamoldan, yon-atrofdagi shovqin elektr energiyasi hosil qilib, o‘zini o‘zi ta’minlaydi. Oddiyroq aytganda, finlar qulaylik yaratish uchun ilm-fanga, yangilikka intilyapti.

Muqobil energiya biz uchun yangilikmi?

Biz mavjud resurslardan to‘g‘ri foydalanishni udda qilmayapmiz yoki xohlamayapmiz, xolos. Basharti, shunday bo‘lmaganida 2016-2017 yillarda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Ekologiya qo‘mitasi boshlagan tashabbus keng quloch yoygan bo‘lardi. Ular tomonidan viloyatning turli nuqtalaridagi maktab va shifoxonalarga 50 ga yaqin quyosh panellari o‘rnatildi. Afsuski, saylovoldi kampaniyasida “ura-ura”chilik bilan boshlangan bu xayrli ish asta-sekin unutildi.

Ahamiyatlisi, viloyatning Nurobod, Qo‘shrabot singari olis hududlaridagi qaysidir maktab yoki shifoxonalar elektr energiyasi muammosidan qutuldi.

Muqobil energiya haqida gap ketganda quyosh nurlari bilan birga shamol ham yodga keladi. Mutaxassislarning aniqlashicha, shamol energiyasi manbai sayyoramizdagi barcha daryolarda mavjud suv energiyasi manbalaridan 100 marta ko‘p ekan. Ma’lumotlarga ko‘ra, shamol generatorlari shamol tezligi 3 metr/sekund bo‘lganda elektr toki bera boshlaydi. Samarqand shahrining birgina aeroport hududida shamolning o‘rtacha yillik tezligi 4 metr/sekunddan oshadi. Shuning o‘ziyoq soha istiqbolini ko‘rsatib turibdi. Afsuski, hamon bu imkoniyatdan foydalanilmayapti.

Darvoqe, bundan 10 yillar avval Samarqand davlat universiteti gidrometeorologiya kafedrasi tomonidan viloyatda shamol resurslarini o‘rganish va xaritasini tuzish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari boshlangan edi. “Adolat” SDP va Ekologiya qo‘mitasining tashabbusi kabi respublika OAVlarida rosa shov-shuv bo‘lgan bu ish ham keyinchalik unutildi.

Umuman, Bulung‘ur, Urgut, Nurobod, Payariq tumanlaridagi asosiy shamol yo‘llarida yer sathidan 70 metr balandlikda shamol elektr stansiyalarini qurish mumkin. Rivojlangan davlatlarda shamol elektr stansiyalari uglevodorodlarni yoqish hisobiga olinayotgan elektr energiyasi o‘rnini qoplashning asosiy manbasi hisoblanadi. Jumladan, Niderlandiya va Germaniyada bunday stansiyalar yaxshi rivojlangan.

Asosiysi, shamol yordamida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi tannarxining asosiy qismini uni qurishga sarflangan xarajatlar tashkil etadi. Ekspluatatsiya davomida esa hech qanday yoqilg‘i talab etmaydi. Bizda ham shamol yordamida elektr energiyasi olish bo‘yicha imkoniyatlar bo‘lishiga qaramay undan foydalanilmayapti.

Deputatlar tashabbus ko‘rsatsa-chi?

Saytimizda muqobil energiyaga oida yana bir xabarga munosabat bildirilmadi. Unda qayd etilishicha, AQShning Kaliforniya shtatida yangi qurilayotgan ob’yektlarga quyosh panellarini o‘rnatish majbur qilib qo‘yilyapti. Bu bo‘yicha hudud deputatlari maxsus qaror (ularda qonun) loyihasini tayyorlagan.

Tasavvur qilyapsizmi, AQSh, Kaliforniya. Nima, ularda ham bizdagi kabi elektr energiyasida uzilishlar ko‘pmi?

Yo‘q, ular shunchaki muammoni yuzaga kelmasidan avval oldini olib qo‘yishmoqchi. Bizda ham mahalliy Kengashlarga hududdagi barcha davlat va jamoat tashkilotlari uchun majburiy bo‘lgan normalarni belgilash vakolati berilgan.

O‘sha savol: nega iqtisodiyot, jamiyat va aholi uchun foydali, samarali tashabbuslarni amalga oshirish uchun Prezident yoki viloyat hokimi aytishini, ko‘rsatib berishini kutaveramiz?!

Yoqubjon MARQAYeV.