Energetika vaziri zapravkalarda benzin yetishmayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 22 noyabrdagi Oliy Majlis qonunchilik palatasi yig‘ilishida aholiga benzin yetkazib berish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida gapirdi.

Vazirning aytishicha, respublikada benzinga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha choralar ko‘rilyapti.

"Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda zapravkalarda benzin yetishmayotgani haqidagi gaplar juda ko‘p muhokamalar qilinmoqda. Joylarga chiqib masalani o‘rganyapmiz. Bu yerda taqchillik yuzaga kelgan deb bo‘lmaydi. Holatni sun’iy manipulyasiya qilgan zapravkalarga nisbatan choralar ko‘rilyapti. Albatta, ehtiyojni qondirish uchun ichki ishlab chiqarishni oshirish va import qilib ham benzin olib kelinmoqda. To‘g‘ri, Rossiya hukumati tomonidan kiritilgan ma’lum muddatli cheklov ham bunga ta’sir qildi. Lekin 5-6-oktabr kunlari prezidentimizning Rossiyaga tashriflari davomida hukumatlararo kelishuvga erishilgan. Ya’ni u cheklov bo‘lsa bo‘lmasa, bizga istisno tariqasida benzinni kafolatlangan tarzda olib chiqish imkoniyati yaratildi. Hozirgi kunda O‘zbekistonga Rossiya kompaniyalaridan benzin import qilish boshlandi.

Respublikada yil boshidan beri 1 million 160 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilgan. Yana 371 ming tonna benzin import qilinishi ko‘zda tutilgan. Shundan "O‘zbekneftgaz" AJ 100 ming tonna, tadbirkorlar 270 ming tonna benzin import qilishi rejalashtirilmoqda. Yil yakunigacha 1 million 329 ming tonna benzin tashqaridan olib kelinadigan xomashyo va ichki resurslar hisobidan yetkazib beriladi. Noyabr va dekabr oylarida 80 ming tonna benzin import qilinib, ehtiyoj ortgan paytda ta’minlash ko‘zda tutilgan".