Iqtisodchi qimmatlagan AI 80 benzini bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi
AI 80 benzini narxi oshirilishi masalasida iqtisodchi Otabek Bakirov yozmoqda:
Nihoyat narx oshirilganidan 12 soat o‘tib, vajini ochiqlashdi:
“Ha, narx 200 so‘mga qimmatlaganini tasdiqlaymiz. Bu import benzini narxi oshgani bilan bog‘liq. Benzinning 60 foizi o‘zimizda ishlab chiqarilsa, 40 foizi import qilinadi. Rossiya narxni oshirgani uchun bizda ham narx qimmatladi”.
Bu nimani anglatadi?
Birinchidan, O‘zbekneftegaz monopolist ishlab chiqaruvchidan, monopolist olib-sotarga aylanib bo‘lgan. Xuddi O‘zavtomotors olib-sotar chayqovchiga aylangani singari.
Ikkinchidan, neft va benziniga sanksiya tushgan Rossiya Hindistondan tortib, Xitoygacha skidka berayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonga narxni oshirmoqda. Demak, avval yozganimizdek, o‘zbek iste’molchilarini monopolistga qo‘shilib endi shimoldagi oligarxlar ham talamoqda.
Uchinchidan, 500 km radiusda g‘arbda qardosh Turkmaniston va Ozarboyjon, shimolda do‘st Qozog‘iston turib 3000 km naridagi sevimli og‘alaridan 80 benzin tashiyotganlarni O‘zbekistonliklarga, milliy manfaatlarga xayrixoh va do‘st deb aytish juda qiyin. Buni yodda tutish kerak.
Agar, 80 benzinning 40 foizi import qilinayotgan bo‘lsa, bu kuniga kamida 1600 tonna, oyiga 48-50 ming tonna, yiliga 570-600 ming tonna benzin import qilinayapti degani.
Bu juda katta miqdor. Bunday katta miqdordagi import uchun har qanday hamkor, hatto eng ochofat rus oligarxlari ham katta skidkalar berishi ham kerak. Agar shartnomalar otkat yo "ugina, bugina" sxemalar tarzida tuzilmagan bo‘lsa yoki shartnoma imzolovchilar garovga olinib, peshonasiga to‘pponcha tirab turilmagan bo‘lsa.
Shunday ekan, O‘zbekneftegaz aksiyadorlik jamiyati sifatida 80 benzinni import qilish bilan bog‘liq yirik bitimlarning shartlarini ochiqlashi kerak. Bu qonunchilik talabi ham.