Iqtisodchi minbari: Energetika sohasidagi munosabatlar takomillashtirishga muhtoj

Mamlakatimizda 2024 yilning may oyidan boshlab uzoq vaqt, hattoki 2019 yildan beri kechiktirib kelingan, ammo zaruriy chora qo‘llanila boshlandi — tabiiy gaz va elektr energiya tariflarini belgilashda bozor tamoyillariga tayanish amaliyotiga o‘tildi. Maishiy iste’molchilarga nisbatan amalda qo‘llanib kelgan tariflar taxminan 1,6 marotaba oshirildi. Shu bilan birga elektr energiyasi bo‘yicha har bir istemolchi (oila) ga 200 kvt-soatlik, tabiiy gaz bo‘yicha esa mavsumga qarab tabaqalashgan ijtimoiy meyorlar joriy etildi.

Tabiiy savollar  tug‘iladi:

  1. Oxirgi besh yil davomida yangi tizimga betalofat o‘tish uchun kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan edimi, agar shunday bo‘lsa, ular qay darajada amalga oshirildi?
  2. Energiya resurslarining tannarxi misli ko‘rilmagan darajada o‘sib borishining sabablari sinchkovlab tahlil qilinib, uni bartaraf etish borasidagi harakatlar qanday kechmoqda?
  3. Agar energiya resurslarining istemolida aholining ulushi atigi 25 foiz bo‘lsa, nega subsidiyalashdan qutilishning asosiy yuki ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirilmagan?
  4. Nahotki vakolatli organlar xodimlari ijtimoiy me’yorlarni tegishli omillarga — oilalar tarkibi, ular hovlilar va ko‘p qavatli uylarda yashashi, shahar va qishloq istemolchilari, janubiy va shimoliy hududlar o‘rtasidagi farqlarga tayanib tabaqalashtirish lozimligi haqida o‘ylamagan bo‘lsa?

Toki bu savollarga javob topilmas ekan, energetika tizimini liberallashtirishdan yuzaga kelayotgan va yana ham kuchayib borishi ehtimoli katta bo‘lgan salbiy oqibatlarni oldini olish amri mahol bo‘lib qolaveradi.

Agar aholi tomonidan kommunal xizmatlarga ilgari yo‘naltirilgan va hozirgi sharoitda yo‘naltirilayotgan sarf-xarajatni solishtirsak yillik 1,2-1,5 milliard dollarlik o‘sishni ko‘rishimiz mumkin. Bu nimani anglatadi? Bu aholining boshqa istemol tovarlariga nisbatan to‘lovchanlik qobiliyati shuncha miqdorda qisqaradi degani. Gilam, mebel, kiyim-kechak, xo‘jalik mollari, maishiy texnika ishlab chiqaruvchilari mahsulot sotish borasida qiyinchiliklarga duch kelishi, bu ularning daromadlari kamayib, ishchi-xodimlariga shu paytgacha to‘lab kelayotgan maoshlarni to‘lay olmasligini, ularning muayyan qismidan voz kechishini, bank kreditlaridan foydalanayotgan korxonalar qarzlarini o‘z vaqtida qaytara olmasligini, davlat byudjetiga soliqlar tushumi qisqarishini va umuman tovar-pul munosabatlarida jiddiy muammolar vujudga kelishini anglatadi.

Hisob-kitoblar 4-5 kishidan iborat oilaga qish mavsumida bir oyda meyordagi 500 kubometr emas, ko‘pi bilan 150-200 kubometr standartlarga mos keladigan bosimdagi tabiiy gaz yetkazib berilsa, uylarni isitishda muammo bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Ushbu amaliyotni qishning qolgan oylarida sharoit bor hududlarda qo‘llab, katta samaradorlikka erishish mumkin. Shak-shubhasiz muayyan miqdordagi tabiiy gaz issiqlik stansiyalarida ortiqcha sarf-xarajatlar bilan elektroenergiyaga aylantirmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xonadonlarga yetkazib berilsa, ham samaradorlik oshadi, ham aholi daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi balans buzilishining oldi olinadi. Misol uchun, bir oyda 25 kvadrat metr maydonga ega xonani isitish uchun 50 kubometr, ya’ni 32,5 ming so‘m sarflansa, xuddi shu xona uchun 200 kilovatt-soat, ya’ni 90 ming so‘mlik elektr energiyasi sarflanishi aniq.

Umuman olganda samarali faoliyatdan uzoqlashib borayotganimizning asosiy sabablaridan biri — sifat yondashuvidan ko‘ra ko‘proq miqdoriy yondashuvga e’tibor qaratilayotganida deb tushunish mumkin. Ko‘p gapirilishiga qaramasdan, O‘zbekistonda haligacha energiya balansi tuzilmasdan kelmoqda. Nahotki 8 millionga yaqin oilalarning har bir mavsumda elektr energiya, tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini hisoblab chiqish va shunga mos tarzda tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish shunchalik muammoli jarayon bo‘lsa?

Gap faqat aholida emas. YaIM tarkibini tahlil qilib, o‘sish sur’atlariga bog‘lab energetika sohasi rivojlantirilsa, olam guliston. Birinchi navbatda e’tiborga molik narsa bu energiya tejamkorligi. O‘zbekiston boshqa iqtisodi o‘xshash mamlakatlarga nisbatan mahsulot birligiga ancha ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatdir. Misol uchun, kimyoviy mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan zavodlar, suv xo‘jaligi inshootlarida ishlatiladigan ham manan, ham jismonan eskirgan asbob-uskunalar son-sanoqsiz. Xuddi shunday holatni markazlashgan issiqlik tizimida ham uchratish mumkin.

Aytmoqchi bo‘lganim, investitsiyalar nafaqat energiya resurslarini ko‘proq ishlab chiqarishga, balki energiya sarfini yetarli darajada kamaytirishga xizmat qiladigan iqtisodiy faoliyatni diversifikatsiya qilishga, infratuzilmani takomillashtirishga ham yo‘naltirilishi lozim.

Bugungi kunning eng dolzarb vazifasi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bir qatorda energiya xavfsizligini ta’minlash. Shunday ekan, barcha mutasaddi shaxslar, jamoatchilik va olimlarning bor imkoniyati ulardagi muammolarni bartaraf etishga qaratilishi ham qarz, ham farzdir.

  Ilhom Vafoyev, iqtisodchi.