Ma’naviyat bir qadam oldinda bo‘lishi kerak

Keyingi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlarning ilm olishga ishtiyoqi sezilarli darajada ortib boryapti. Buni o‘qituvchi va o‘quvchilarning, abituriyent hamda talabalarning fan va til bilish darajasi bo‘yicha milliy, shuningdek, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘layotganida ko‘rish mumkin.

Qolaversa, yosh sportchilar ham yuqori natijalarga erishayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu yaxshi, albatta, ammo sport va ta’lim yuksalganda ma’naviyat ulardan ortda qolmasligi kerak. 

Masalan, o‘qituvchilar shogirdlariga til o‘rgatishda zamonaviy, interfaol usullardan foydalanyapti. Farzandlarining chuqurroq ta’lim olishi uchun ularni qo‘lidan kelgancha qo‘llab-quvvatlayotgan ota-onalar safi ham yildan-yilga kengayib boryapti. Yosh avlod tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ularning ma’naviyatini shakllanishi uchun ham o‘zgacha yondashuv zarur.

Buning uchun joylarda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda tuman, shahar bo‘linmalari tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qiladigan bo‘lsak, bo‘limimizning 2025 yilga mo‘ljallangan ish rejasi, viloyatdagi 34 ta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikdagi ikki tomonlama “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi.

Viloyatdagi olis hududlarda joylashgan hamda “qizil” va “sariq” toifalarga ajratilgan 396 ta mahallada ijtimoiy ma’naviy muhitni yaxshilash hamda aholi kayfiyatini ko‘tarish maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida tadbirlar tashkil etildi. “Ma’rifat ulashib”, “Kitobxonlik oiladan boshlanadi”, “Yoshlik navosi”, “Kino-karvon” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy kechalarda 30 ming 500 nafarga yaqin aholi ishtirok etdi. Ularning 16 ming 975 nafari yoshlardir.

Aholini boqimandalik kayfiyatidan chiqarish va kambag‘allikka qarshi kurashish maqsadida viloyatda ro‘yxatga kiritilgan 101 ta mahallaga “Ma’naviy ko‘makchi”lar biriktirilib, 17 ming 100 nafar aholi bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Har bir muhim sana, jumladan, Vatan himoyachilari kuni, Navro‘z umumxalq bayrami, Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, shuningdek, Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi, buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunlari munosabati bilan ham turli mavzularida targ‘ibot tadbirlari, ijodiy uchrashuvlar, so‘rovnoma va “chelenj”lar o‘tkazildi.

Markazning viloyat bo‘limi, shahar, tuman bo‘linmalari, shuningdek, korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari mas’ullari telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Samarqand milliy kontentlari” guruhida birlashdi va ular tomonidan “milliy kontent” rukni ostida mingdan ortiq videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman/shahar bo‘linmalari Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Ma’rifat shu’lasi” ko‘rsatuvi, shuningdek, Zarnews.uz sayti bilan birgalikda “Qadriyat” nomli ko‘rsatuv hamda “Milliy mohiyat” rukni ostida videoroliklar tasvirga olinib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etib kelinyapti. “Matonatli yo‘l”, “Yurtim tarixi”, “Sen nima uchun o‘qiyapsan?” va boshqa turli loyihalari asosida videolavhalar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.

Qadimiy qadriyatlarni asrab-avaylash, milliy liboslarni ommalashtirishga va targ‘ib qilishga qaratilgan “Milliy libos menga yarashadi!” nomli eng yaxshi “Milliy kontent” va “Ijtimoiy videorolik”lar tanlovlari o‘tkazildi.

Viloyatning qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh va olis hududlaridagi Bulung‘ur, Urgut, Samarqand va Nurobod tumanlari hududida joylashgan 21 ta mahallalarda millatlararo totuvlik va hamjihatlikni ulug‘lashga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi.

Mamlakatimizning turli hududlarida bo‘lgani kabi viloyatimizda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasidagi tadbirlar ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Bu kabi tadbirlarni yilning ikkinchi yarmida ham uyushqoqlik bilan davom ettirishni maqsad qilgan holda ma’naviyatni yuksaltirishda ta’sirchanligi kuchli bo‘ladigan yangi loyihalarni amalga oshirishni ham rejalashtiryapmiz. Yaqinda viloyat faollari, ma’rifat targ‘ibotchilari bilan uchrashuv tashkil etilib, shu haqida kelishib olindi.

“Halollik vaksinasi”, “Ma’naviyat bir qadam oldinda”, “So‘z boshi - salom” va boshqa bir qator loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda yoshlar, hatto kattalar ham ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolganligini inobatga olib, e’tiborimizni shu tarmoq orqali targ‘ibotni kuchaytirishga qaratyapmiz. Asosan, milliyligimiz aks etgan videoroliklarni  ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Markazning Samarqand shahri bo‘linmasi tashabbusi bilan o‘tgan 2024 yilda tashkil etilgan “Ulug‘imsan, Vatanim!”, “Sarbaland bo‘l, Vatan bayrog‘i!” nomli qisqa roliklar tanlovi natijasida yoshlarning Vatanga, Davlat ramzlariga bo‘lgan muhabbatini oshirishga qaratilgan o‘nlab videomahsulotlar tayyorlangan va ular ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Bu kabi tanlovlarni viloyat miqyosida, barcha shahar va tumanlarda o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Muxtasar qilib aytganda, “Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq” naqliga amal qilgan holda targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirishga harakat qilamiz. Maqsadimiz ma’naviyat boshqa sohalardan bir qadam oldinda bo‘lishini ta’minlash. Ma’naviyat yuksalmas ekan, rivojlanish sust bo‘ladi. Inson jismoniy baquvvat va bilimli bo‘lishi mumkin, ammo u o‘z kuchini va ilmini qachon, qayerda va qay tarzda ko‘rsatib qo‘yishi, sarflashi uning ma’naviyatiga bog‘liq. Faqat bizning bo‘lim va bo‘linmalarimiz, bir yoki bir necha tashkilot vakillari bilan birga bu maqsadga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun o‘qituvchi-ustozlarni, nuroniylar, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari birlashishi zarur.

Xolbek Ko‘bayev,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari.