“Ayollar daftari” - doimiy yordam mashinasi emas

Sabohat ish izlashga ko‘p vaqt sarflamadi: mahalla xotin-qizlar faoli uning muhtojligini bilgach, kasb-koriga, imkoniyatiga qarab bir nechta ish taklif qildi. U bog‘chani ma’qul ko‘rdi va shu yerda ish boshladi.
To‘g‘ri, maoshi unday yuqori emas, lekin noiloj, diplomi bo‘lmasa, boshqa hunarni ham vaqtida o‘rganmagan.
“Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar haqida gap ketganda ularga ko‘rsatilayotgan yordam, ro‘zg‘orini tebratish uchun ajratilayotgan ko‘mak qishloq hududlarida parrandachilik, chorva, tikuvchilik yo‘nalishlarida bo‘lishi haqida ko‘p yozganmiz. Qishloq ayollarini ish o‘rni bilan ta’minlash oson kechmaydi, shuning uchun ularga asosan o‘z-o‘zini uddalash, ro‘zg‘orini tebratish uchun sharoitlar yaratishga harakat qilinadi. Xo‘p, shaharda bu masalada qanday yo‘l tutiladi?
Mingtut mahallasi Samarqand shahridagi markaziy mahallalardan biri. Bu yerda 850 nafar xotin-qizlar istiqomat qiladi, ularning 41 nafari bu yil “Ayollar daftari”ga kiritilgan.
- Mahallamiz shaharning markazida bo‘lgani uchun bu yerda aholi uchun ish o‘rinlari topib berishda ko‘p qiynalmaymiz, - deydi Mingtut mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Nazokat Saparova. –Hududimizda 20 dan ziyod korxona va tashkilotlar mavjud, ko‘pincha ularning o‘zlari bizga u yoki bu ish qo‘lidan keladigan xizmatchi topib berishlarini so‘rab murojaat qilishadi. Shunday paytda birinchi navbatda xatlovdan o‘tkazilganda ishga muhtoj sifatida ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlarni bu haqda ogohlantiraman. Shu yilning o‘zida besh nafar xotin-qizlar shu atrofdagi turli korxonalarga ishga joylashishga muvaffaq bo‘lishdi. Qolaversa, jami 50 nafarga yaqin ayollar atrofdagi korxonalarda mehnat qilishadi. Daftarga kiritilgan 4 nafar xotin-qizlarni “Tadbirkorlik markazi”da bepul kasb-hunarga o‘rgatishga yo‘anltirdik. Boquvchisi yo‘q, nogiron farzandi bor 22 nafar oilalarga bir martalik yordam pullari ajratildi. Uy-joy ta’miriga muhtoj ayollardan birining xonadonida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur daftarga kiritilgan 41 nafar xotin-qizlarning barchasi Samarqand shahridagi 11-son oilaviy poliklinika mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shu yil yanvar oyidan boshlangan xatlov doirasida bu yil viloyat miqyosida 104 ming 509 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi xodimlari “Ayollar daftari”ning oltinchi bosqichiga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan amaliy yordamlarni monitoring qilish hamda jamoatchilik nazoratini olib borish maqsadida viloyat kengashi xodimlari shahar va tumanlarga biriktirildi.
- Ayni paytgacha “Ayollar daftari”ga kiritilgan 104 ming 509 nafar xotin-qizlardan 60 ming 466 nafari yoki 57,9 foiziga amaliy yordam ko‘rsatilgan, - deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Akbar Abdusaidov. - Xususan, 44844 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 30 378 nafari yoki 67,7 foizining bandligi ta’minlangan.
Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 3292 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 2410 nafariga 73,2 foiziga kredit ajratilgan. Boquvchisi bo‘lmagan 23991 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 11327 nafariga 47,2 moddiy yordam ko‘rsatildi. 267 nafar uy-joyi ta’mirlanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlardan 51 nafari, ya’ni 19,1 foizining uy-joyi ta’mirlab berilgan.
Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj 21 825 nafar xotin-qizlardan 9074 nafariga zarur yordam ko‘rsatilgan. 76 nafar uy-joy bilan ta’minlanishga ehtiyojmand xotin-qizlardan 13 nafariga uy-joy ajratildi.
Ijarada yashovchi 265 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 55 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berilgan. Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari mavjud 10216 nafar ehtiyojmand ayollardan 7189 nafariga, ya’ni 70,4 foiziga yordam ko‘rsatilgan. 155 nafar xotin-qizlarning 64 nafariga, ya’ni 41,3 foiziga tomorqadan unumli foydalanish uchun yordamlar ko‘rsatildi.
Kengashimiz Ayollar daftarining oltinchi bosqichiga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan amaliy yordamlarni monitoring qilish hamda jamoatchilik nazoratini olib borish bilan shug‘ullanadi. Viloyat kengashi xodimlaridan iborat guruhlar shahar va tumanlarda mazkur masalada olib borilayotgan ishlar bilan chuqur tanishib boradi. Yil oxiriga kelib mazkur yordamlar o‘z egasiga to‘g‘ri yetib bordimi, yo‘qmi, bu bo‘yicha alohida monitoring olib boriladi.
Mahalla faollari bilan suhbatlashar ekanmiz, “Ayollar daftari” keyingi yillarda xotin-qizlarga yordam ko‘rsatishning asosiy bir dasturi sifatida ko‘rilayotganini bildirishdi. Ammo bu daftarga kirib, doimiy ravishda moddiy yordam olish mumkin, degan fikrli xotin-qizlar soni ham ko‘paymoqda. Deylik, mazkur daftarning bir toifasi, ishsizlik bo‘yicha ro‘yxatga tushgan ayolga o‘z hududidan ish taklif etiladi, yoki xohishiga ko‘ra ma’lum kasb-hunarga o‘qitiladi. Ammo ro‘yxatdagi ayol bundan norozi, sababi, unga moddiy yordam ajratilishini istaydi. Vaholanki, u moddiy yordam oladigan toifada emas. Qolaversa, tadbirkorlik boshlamoqchi bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarga imtiyozli kredit ajratiladi. Afsuski, aksariyat xotin-qizlar buni subsidiya deb o‘ylaydi.
Xullas, “Ayollar daftari”dan maqsad faqat doimiy moddiy yordam ajratish emas, ayolni ishli qilish, qo‘lidagi hunari va intilishiga oz bo‘lsa-da turtki va moddiy rag‘bat berishdan iborat.
Gulruh Mo‘minova.