“O‘zbekiston MET” AJ: Afg‘on energetiklari jangarilar yetkazgan ziyonni tiklamoqda

29 oktyabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasining “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) ijrochi direktori janob Omonullo G‘olibdan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.Isaqulov nomiga rasmiy maktub kelib tushdi.

Unda yozilishicha, elektr energiyasi eksporti bo‘yicha imzolangan elektr energiyaning shartnomaviy miqdori tushib ketganiga ayni paytda ikkita omil ta’sir ko‘rsatmoqda. Birinchisi, Bog‘lon viloyati hududida jangarilar tomonidan olib borilayotgan jangovar harakatlar oqibati, ikkinchisi, Afg‘onistondagi iqlim sharoiti, xususan, meteorologik va gidrologik sabablar (qor-loy ko‘chkisi, kuchli shamol) o‘tgan yilgi mavsumga nisbatan keskin tus olayotganidir. Shunga qaramay, “DABS” shirkati muhandislari ta’mirlash-tiklash ishlarini olib bormoqda, deyiladi bir nechta fotosuratlar ilova qilingan maktubda.

Bundan tashqari, 28 oktyabr kuni soat 11:53 dan 19:07 gacha va 29 oktyabr kuni soat 10:00 dan to hozirgi paytgacha Afg‘oniston energetiklari tomonidan olib borilayotgan texnik ta’mirlash ishlari xavfsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida “Puli-Xumri” va “Chimtala” podstansiyalarini bog‘lovchi 220 kV.lik havo elektr uzatish tarmog‘ining ikkinchi zanjiri o‘chirilgani ma’lum qilingan. Demak, o‘z-o‘zidan ma’lumki, bu vaqt oralig‘ida Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport amalga oshirilmadi va bu holat hanuzgacha davom etmoqda.

Qisqa qilib aytganda, O‘zbekistondan Afg‘onistonga amalga oshirilayotgan elektr energiyasi eksporti masalasida barqarorlik mavjud emas. Qariyb 40 yil davomida notinch mamlakat sifatida tilga olinadigan diyorda nafaqat energetika, balki barcha sohalarda barqarorlik hukmron bo‘lishidan mintaqa davlatlari qatori bizning mamlakatimiz ham manfaatdor.

Shu nuqtai nazardan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning axborot xizmati Afg‘oniston hukumati uzluksiz elektr ta’minotini tiklashda zarur choralarni ko‘rib, mavjud muammolarni bartaraf etadi, deya umid bildiradi.

Qo‘shni mamlakat sanoati, tibbiy muassasalari, aloqa, ta’lim va madaniyatida, umuman olganda, elektr energiya bilan chambarchas bog‘liq barcha jabhalarda barqarorlik davom etishi davlatimiz va jamoatchiligimiz diqqat-etiborida ekanligi bugungi beqaror dunyoda muhim ahamiyat kasb etadi.