Suv sayyorasi yoxud Afg‘oniston ma’murlarining Amudaryodan Qo‘shtepa kanalini qaziyotgani qo‘shni mamlakatlar xalqlarida xavotir uyg‘otyapti
Butun koinot bag‘rida hayot mavjud bo‘lgan Yer aslida “Suv sayyorasi” deb atalsa, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki sayyoramizning yettidan bir qisminigina quruqlik tashkil etadi. Qolgan bo‘lagi esa batamom suv bilan qoplangan.
Okeanlar, dengiz va daryolardagi suv miqdori shunchalik ko‘pki, uning aniq miqdori oxirigacha aniqlangan emas, buning iloji ham bo‘lmasa kerak. Ammo paradoks shundan iboratki, bu suvning bor-yo‘g‘i ikki foizga yaqini foydalanish uchun yaroqli chuchuk suvlar. Qolgan 98 qismi okean, dengiz va ko‘llardagi minerallashgan sho‘r suvlardan iborat.
Biroq bandalari uchun behad mehribon egam Yer sayyorasi shakl-shamoyilini shunday yaratganki, insonlarning suvga bo‘lgan ehtiyoji bekamu-ko‘st ta’minlab qo‘yilgan. Aytaylik, eng baland tog‘ cho‘qqilari aynan jazirama o‘lkalarda joylashgan. Bu o‘sha joylardagi shahar-qishloqlar va ekin maydonlarini suv bilan mo‘l-ko‘l ta’minlashga shart-sharoit yaratadi.
Shu jumladan, bizning serquyosh o‘lkamiz ham o‘z ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan hayot sharbatlarini Pomir va Tyan-Shandagi qor hamda muzliklarning erishi natijasida hosil bo‘ladigan suvlardan oladi. Bu tartib dunyo yaralgandan beri o‘zgarishsiz saqlanib kelmoqda.
Ammo ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar g‘oyat shiddat bilan rivojlanayotgan davrimizda inson tabiat qonunlariga o‘zicha tuzatish kiritmoqda va buning gohida shirin, gohida achchiq samaralaridan totimoqda. Masalan, inson zotining bir avlodi bepoyon Mirzacho‘l, Qizilqum va Qoraqum cho‘llarini o‘zlashtirish evaziga O‘rta Osiyodagi eng yirik Orol dengizini quritib qo‘ydi. Insoniyatning tabiat tartiblariga qo‘pol ravishda aralashuvi oqibatida Yer yuzi iqlimi iliqlashib, bu borada yangi-yangi muammolarni paydo qilmoqda. Endi bundan buyon odamlar bu haqda o‘ylashib, mavjud suv manbalaridan oqilona foydalanmasa, kelgusida muammolar yiriklashib, katta noxushliklarga aylanib ketishi xatari paydo bo‘lmoqda.
Shu ma’noda Afg‘oniston ma’murlarining Amudaryodan Qo‘shtepa kanalini qazib, suv ta’minotini yaxshilash haqidagi loyihalari Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar xalqlarida haqli xavotir uyg‘otmoqda. Podrobno.uz internet sayti ma’lumotlariga ko‘ra, kanal uzunligi 285 kilometr, kengligi 100 metr, chuqurligi esa 8,5 metr bo‘lishi mo‘ljallanmoqda ekan. Kanalning suv o‘tkazish qobiliyati bir soniyada 650 kub metr qilib belgilangan. Loyihaning taxminiy qiymati 680 million AQSh dollarini tashkil etishi aytilmoqda. Loyihachilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu sun’iy daryo uch million jirib (bir jirib – 2000 kvadrat metr) yerni sug‘orib, qishloq xo‘jaligini rivojlantiradi va 250 ming odamni ish bilan ta’minlaydi. Internet saytining xabar berishicha, hozirning o‘zida uning 40 kilometrlik qismi kovlanib bo‘lingan va ish 2028 yilda yakunlanishi mo‘ljallanmoqda.
Albatta, bu holat kelgusida quyi oqimda joylashgan Turkmaniston va O‘zbekistondagi suvdan foydalanuvchi aholi uchun mushkulliklar paydo qilishi aniq. Nega desangiz, hozirning o‘zida Amudaryo suvining turli sabablarga ko‘ra kamayishi oqibatida Turkmaniston, Xorazm va Qoraqalpog‘iston suv ta’minotida tanqislik yuzaga kelmoqda.
Toliblar tomonidan idora qilinayotgan Afg‘oniston xalqini o‘zaro mojaro va nizolardan chekinib, tinch qurilish ishlari bilan shug‘ullanishni boshlaganining o‘zi biz uchun shubhasiz, yaxshi xabar. Qolaversa, afg‘onlarning ham o‘lkadagi suv manbalaridan o‘z ulushlarini olish huquqlarini hech kim inkor qilolmaydi. Ammo bunda yuqorida yozganimizdek, o‘zaro kelishgan holda oqilona ish tutish muhim ahamiyatga egaligicha qolaveradi. Bo‘z yerlarni suv bilan ta’minlash borasida O‘rta Osiyo respublikalarida beqiyos katta tajriba to‘plangan. Keyingi yillarda suvni tejaydigan unumli texnologiyalarning kirib kelayotgani bu borada yangi ufqlarni ochmoqda. Shu ma’noda, afg‘onistonliklarga ham bunaqa katta kanal balki kerak bo‘lmas. Dono xalqimizda: “Kengashib bichilgan to‘n tor kelmas”, degan ibratli naql bor. Bir daryodan suv ichib, bir havodan nafas olib kelgan xalqlarimiz uchun bu borada kengashib ish tutishdan o‘zga oqilona yo‘l yo‘q. Prezidentimiz 2022 yil oxirlarida bu to‘g‘rida tolibonlar bilan muzokara o‘tkazib, xalqaro hamjamiyatni ogoh qilib qo‘yishi haqida aytgandi. Biroq muammo shundan iboratki, Afg‘oniston islom amirligi bu boradagi biror shartnoma yoki xalqaro qo‘mita va komissiyalarga a’zo emas.
Shu yil 22 martda toliblar vakili mamlakatimiz prezidentining tashqi ishlar bo‘yicha vakili Abdulaziz Komilov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Qo‘shtepa kanali qurilishi O‘zbekiston tomoni bilan o‘zaro tushunish asosida amalga oshirilishi lozim ekanligini bildirdi. Vakil Abdul G‘ani Barodarning fikricha, kanal qurilishi ikki davlat orasidagi munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Davlatimizning bu boradagi siyosati har bir masalani hamjihatlik va vazminlik bilan hal qilish taomiliga asoslanadi.
Xudoyberdi Komilov,
siyosiy sharhlovchi.