Samarqandda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi
2023 yil 13 aprel kuni Samarqand shahrida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni ko‘rib chiqadilar.
14 aprel kuni esa Samarqandda O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘iston delegatsiyalari hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi ishtirokida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Unda xalqaro kun tartibi va MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish, qo‘shma dasturlar ijrosi hamda MDH Davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan hujjatlar loyihalari muhokamasi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, shu kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining oltinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.