Tolibon 2021 yilgi yirik terakt tashkilotchisini yo‘q qildi

Tolibon harakati 2021 yilda Kobul aeroportida 13 nafar amerikalik harbiy xizmatchi va 170 nafar afg‘onning o‘limiga sabab bo‘lgan terakt tashkilotchisini yo‘q qildi , deb xabar bermoqda AQSh OAVlari.

Associated Press xabariga ko‘ra, IShID yetakchisi aprel oyi boshida Afg‘oniston janubida terrorchilik guruhiga qarshi bir qator harbiy amaliyotlar chog‘ida toliblar tomonidan o‘ldirilgan.

O‘z navbatida, CNN AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbining so‘zlariga asoslanib, yo‘q qilingan shaxsni amerikalik qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqib ketilishining so‘nggi kunlarida amalga oshirilgan "dahshatli hujum tashkilotchisi" deb atalganini bildiradi.

Kirbi Tolibon IShID yetakchisini qachon o‘ldirganiga aniqlik kiritmagan va bu voqeani guruh bu yil boshidan kechirgan “yuqori darajadagi yetakchilik yo‘qotishlaridan biri” deb atagan.

2021 yil avgust oyida AQSh harbiylarining Afg‘onistondan evakuatsiya qilinishi fonida Kobul aeroporti yaqinida terakt sodir bo‘lgan. Taxminan 200 kishi, jumladan, AQSh harbiylari, Tolibon a’zolari va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Portlashlar uchun javobgarlikni IShID guruhi o‘z zimmasiga olgan edi.