Yadroning parchalanishidan chiqadigan energiya odatdagi yoqilg‘i manbalari yonishidan chiqadigan energiyadan benihoya katta

XIX asr oxirida fizikada radioaktivlik hodisasi kashf etildi. Mendeleyev jadvalining oxirgi kataklarini egallagan bir qator elementlarning o‘z tarkibidan musbat zaryadlangan alfa-zarralar (geliy atomi yadrosi)ni, manfiy zaryadlangan betta-zarralar (elektronlar)ni va zaryadsiz gamma-nurlarni to‘xtovsiz chiqarib turishi aniqlandi. Bunday elementlardan uran (U92), plutoniy (Pu94), aktiniy Ac89) va boshqa elementlarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bunday radioaktiv moddalar asosida atom elektrostansiyalari, atom va vodorod bombalari va hokazo asboblar yasalganini eshitganmiz. Bularning barchasi asosida tugalmas energiya manbalari mavjud.

Fizik-nazariyotchi bo‘lganimdan bir dona U238 yadrosining parchalanishi natijasida qancha energiya ajralib chiqishini hisoblab ko‘rsatmoqchiman.

Birinchidan, bu yadro uran elementining izotoplaridan biri hisoblanadi va u sekin neytronlar ta’sirida tez parchalanib ketadi. Bu elementning har bir yadrosi parchalanganida 220 MeV energiya ajralib chiqishini bilgan holda, moddaning har bir mollida o‘n darajasi yigirma uchdan ortiq zarra borligini nazarga olsak, bir grammatom uran yadrosining to‘la parchalanishidan qariyb yigirma trillion joul issiqlik miqdori ajralib chiqishini osongina topamiz.

Agar bu issiqlik miqdorini biz o‘rganib qolgan kaloriyalarda ifodalasak, bir milliard kaloriyadan yoki bir million kilokaloriya issiqlik ajralib chiqadi, degan gap bo‘ladi. Agar 1 kilogramm a’lo sifatli toshko‘mir yoqilganda, o‘n ming kilokaloriya issiqlik ajralib chiqishini esga olsak, 1 gramm atom uran yadrosining to‘liq parchalanishidan chiqqan issiqlikni olish uchun o‘rta hisobda 418 tonna ko‘mirni yondirish kerak bo‘lar ekan. Yoki biz kundalik turmushda ishlatayotgan tabiiy gaz - metan gazi bo‘ladi va uning bir kubini yoqqanimizda qariyb to‘qqiz ming kilokaloriya issiqlik ajralib chiqishini hisobga olsak, uranning bunday parchalanishida ajralib chiqayotgan energiyani olishimiz uchun million kubometr atrofidagi gazni maxsus qurilmalarda yondirishimizga to‘g‘ri keladi. Demak, yadroning parchalanishidan chiqadigan energiya odatdagi yoqilg‘ining yonishidan chiqadigan energiyadan benihoya katta bo‘lar ekan.

Bilamizki, yerda issiqlik energiya zaxiralari abadiy emas. Ularning zaxiralari yildan-yilga kamayib, tugab bormoqda. Shu tufayli insoniyat hozirgi vaqtda yoqilg‘ining muqobil turlaridan keng foydalanish yo‘llarini axtarmoqda. Bu sohada yurtimizda atom elektrostansiyasining qurilayotgani Prezidentimizning uzoqni ko‘zlovchi siyosati fan yutuqlari bilan naqadar asoslanganligini ko‘rsatadi. Albatta, bunday elektrostansiyalarning  xavfsizligi Rossiya olimlari va muhandislari tomonidan yuqori saviyada ta’minlangan. Shu sababdan ko‘plab davlatlar Rossiya texnologiyasi bilan ishlab chiqilgan bunday AESlarni o‘z mamlakatlarida qurmoqda va muvaffaqiyat bilan ulardan foydalanmoqda.

Ortiq PARDAYeV,

SamDU professori.