Deputat ayollar ijtimoiy hayot va joylardagi muammolar yechimi ta’minlanishida qanchalik faol?

Kattaqo‘rg‘on shahar Yermachit mahallasida joylashgan “Ma’naviyat sektori”da Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati Kengashi tashabbusi bilan “Ayol deputatlar minbari” interaktiv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ayol deputatlarning tajriba almashinuvi, joylardagi muammolarni muhokama qilish, elektorat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali deputatlik faoliyati samaradorligini oshirish va yosh ayollarni siyosatga jalb etish maqsadida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda mamlakatimizda xotin-qizlarning har bir sohadagi faolligi oshirib borayotgani, nafaqat, fan, ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyotda, balki siyosiy jarayonlarda ham xotin-qizlar ishtiroki tobora kengayayotgani to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda ayol deputatlar, shahar hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi, “Ayollar targ‘ibot guruhi", “Buvijonlar kengashi” kabi hamkor tashkilotlar tomonidan “Qonun ijodkorligida ayol nuqtai nazarining ahamiyati”, “Hududlarda ayollar muammolari va deputatlik aralashuvi”, “Mahalladagi ayollar bilan muloqot va ijtimoiy tashabbuslar”, “Ayollarning ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashda davlat siyosati” hamda “Yoshlar minbarida – kelajak yetakchilarining ovozi” kabi dolzarb mavzularda chiqishlar qilindi. 

Uchrashuv interaktiv, ya’ni qizg‘in muloqot, fikrlar almashuvi hamda savol-javobga boy tarzda o‘tdi.

Uchrashuv so‘ngida ayol deputatlarning siyosiy faolligini oshirish, deputatlik nazorati va jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha tajriba almashish, qishloq va shaharlardagi faol ayollarning deputatlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib etish kabi masalalarni yanada jonlantirish belgilab olindi.

Shuningdek, faol ayollarga partiyaning esdalik sovg‘alari berildi hamda 10 dan ortiq fuqarolar partiya safiga qabul qilindi.

F.Rahimova, XDP viloyat kengashi deputatlik guruhi rahbari.