Germaniyalik fermerlardan o‘rganganmiz: Jomboylik tadbirkor quyosh fotoelektr stansiyasi qurishga nima sabab bo‘lganini aytib berdi

Odatda bir yo ikkita quyosh paneli bilan elektr enegiyasi bo‘yicha kattaroq samaraga erishish qiyin. Quyosh paneli qayta tiklanuvchi elektr energiyasi manbai bo‘lgani bilan afzal. Uni ishlab chiqarishda an’anaviy energetikadan farqli ravishda tabiatga zararli gazlar chiqarilmaydi. Shunchaki quyosh nuri elektr energiyaga aylantiriladi.

Hozirgi vaqtda muammoli tomoni shuki, hali bu uskunalar qimmat. Shu sababdan hozircha bunday uskunalar olib kirgan, o‘rnatgan va ishlatayotgan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat tomonidan ma’lum muddatga imtiyozlar ajratilmoqda. Chunki quyosh energiyasi ishlab chiqarish orqali tejamkorlikka erishish uchun vaqt kerak.

Jomboylik tadbirkor Nasim To‘raqulov xuddi shu holatni yaxshi tushungani, zamonaviy fikrlashi bilan diqqatimizni tortdi.

- 2004 yil o‘g‘lim qishloq xo‘jaligi sohasida tajribasini oshirish uchun Germaniyaga borgandi. Aytishicha, u yerda allaqachon fermerlar muqobil energetika uskunalari – quyosh va shamoldan elektr energiyasi ajratuvchi uskunalarga ega. Ehtiyojiga yarasha elektr energiyasi ishlab chiqaradi va o‘zi tasarruf etadi. Kerak bo‘lsa ortiqchasini sotadi ham. Shu voqeadan keyin men ham mustaqil elektr stansiya qurishga qaror qilgandim. Bugunga kelib bu amalga oshdi. Siz ko‘rib turgan kichik quyosh elektr stansiyasi 270 ta paneldan iborat. Bu elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojimning ma’lum qismini ta’minlab beradi. Chunki fermer xo‘jaligimizda turli loyihalarni amalga oshiryapmiz, - deydi tadbirkor.

Nasim To‘raqulovga bugungi kunda u 100 gektar maydonda turli mevali daraxtlar ko‘chatlari yetishtiradi, bog‘dorchilik qiladi va boshqa talabgor ekinlar yetishtiradi. Masalan, 10 gektarga qulupnay yetishtirib, muzlatilgan holda turli hududlarga yetkazib beradi. Bularning barchasi uchun muntazam elektr energiyasi kerak. Ayniqsa, katta maydonni sug‘orishda muammo bo‘lmasligi lozim.

Quyosh elektr stansiyasida eng asosiy jihat – panellardan ham ko‘ra, ishlab chiqarilgan elektrni saqlash, butun dunyoda asosiy muammolardan biri shu. Aynan mana shu sababdan tadbirkor hali ham qisman an’anaviy elektrdan ham foydalanadi. Ammo tez orada bu muammo – batareyalar bo‘yicha ham yechim topish harakatida.

Mazkur fermer xo‘jalik Jomboyning "To‘qqizboy» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan. Intensiv bog‘ va dala ekinlarini sug‘orish tizimidagi elektr qurilmalar uchun qurilgan stansiyasining ishlab chiqarish quvvati 60 kVt. Stansiya faoliyati natijasida 43,2 ming kVt/soat (qariyb 20 million so‘mlik) elektr energiyasini tejash imkoniyati bor.

Fikrimizcha, boshqa fermer xo‘jaliklari, ayniqsa markazlashgan tarmoqlardan uzoqroqdagi tadbirkorlar mazkur xo‘jlik faoliyatini o‘rganishi lozim. Chunki dastlabki yillarda quyosh elektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan energiya qimmatga tushsa-da, mazkur uskunalar 20 yil davomida ishlashi hisobiga keyinchalik energiya deyarli “suv tekin”ga tushadi. Qolaversa, shu yildan e’tiboran yuqorida aytilganidek, mazkur uskunalardan foydalanilganlik uchun endi imtiyozlar bor.

Anvar Mustafoqulov,

***

Tasvirchi: Baxtiyor Mustanov.