O‘zbekistondagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi Samarqandda ishga tushadi
Avval xabar qilganimizdek, Energetika vazirligi tomonidan Nurobod tumanida qurilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasiga press-tur uyushtirildi.
Keyingi paytda turli vazirlik va idoralar, hokimliklar tomonidan yirik qurilish ob’yektlariga shu kabi press-turlar o‘tkazilmoqda. Bu orqali ommaviy axborot vositalari vakillari yangi inshootlar, ularning qurilish jarayonlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lyapti va bundan xalqimizni xabardor etyapti.
Quyosh fotoelektr stansiyalari, umuman, qayta tiklanuvchi energiya manbalari – mamlakatimiz uchun endi o‘zlashtirilayotgan, yangi qurilish ob’yektlari, zamonaviy inshootlar. Shuning uchun Energetika vazirligi tashkil etgan bu galgi press-turda ishtirok etish istagini bildirganlar ko‘pchilikni tashkil etdi.
Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari Samarqand shahrida jam bo‘lganida vazirlik matbuot xizmati xodimlari tezroq yo‘lga chiqish zarurligi, 200 kilometr masofani bosib o‘tish kerakligini qayta-qayta aytishdi. Hech kim “Yo‘l uzoq ekan, borolmayman” demadi.
Mikroavtobus va yengil mashinalarda o‘tirib, yo‘lga tushdik. M-37 avtomagistrali orqali Paxtachi tumaniga kirib bordik. Shu yerdan Qarnab yo‘li orqali stansiya qurilayotgan manzilga borishimiz kerak ekan. Kattaqo‘rg‘on shahrining Ingichka massivi va Nurobod tumani orqali ham manzilga yetib olish mumkin, lekin yo‘lning holati yaxshi emas, deyishdi vazirlik vakillari. Ammo Qarnab yo‘li ham biz o‘ylagandek, tekis va qulay emas ekan. Dasht oralab ketgan yo‘lda 40 kilometrdan ortiq masofada 1 soatlar yurdik.
“Buncha uzoq ekan, bu vaqtda bir qancha ishlarimni bajarib olardim”, “Bunaqaligini bilganimda kelmasdim”, “Stansiya ochilishiga kelishni o‘ylab ham ko‘rmayman”, degan gaplar eshitila boshladi.
Nihoyat, elektr stansiyasining ulkan temir ustunlari, tarmoqlar ko‘zga tashlandi, panellar quyosh yorug‘ida yaltirab ko‘rina boshladi. Uch soat deganda ulovlarimiz qurilish bo‘layotgan hududga kirib keldi.
Ob’yekt mas’ullari koronavirusga test topshirishimiz va shundan so‘ng qurilish maydoniga kirishimiz mumkinligini aytishdi. Albatta, bu o‘zimiz va stansiyada mehnat qilayotgan quruvchilar salomatligi uchun juda muhim. Hech kim og‘rinmadi, e’tiroz bildirmadi. Qisqa vaqtda natijalarni aniqlab berishdi – hammamizga ob’yektga kirishga ruxsat berildi.
Keng dashtlik, o‘zlashtirilmagan yerlar. Yo‘lni hisobga olmaganda, hech qanday kommunikatsiya tizimlari tortilmagan. Shunday bo‘lsa-da, quruvchi va mutaxassislar uchun konteynerlarda turar joy va boshqa zarur maishiy sharoitlar yaratilgan (400 kishi mehnat qilayotgan ekan hozir bu yerda).
Vazirlik mas’ullarining aytishicha, mazkur stansiya O‘zbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqaradigan ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanadi.
– Umumiy quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi 2021 yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi, – deydi Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalari boshqarmasi boshlig‘i Abdullajon Otaboyev. – Navoiydagi loyiha Birlashgan Arab Amirliklarining "Masdar" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Bu esa ushbu yo‘nalishda ilk bor Yevropa kompaniyasi, ya’ni Fransiyaning “Total EREN” kompaniyasi bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etilmoqda.
Mazkur loyihaning poydevori davlatimiz rahbarining 2018 yil oktyabr oyida Fransiyaga tashrifi davomida qo‘yilgan edi. O‘shanda “O‘zbekenergo” va “Total EREN” kompaniyasi o‘rtasida ushbu ob’yektni qurish va 25 yil davomida elektr energiyasi sotib olish bo‘yicha investitsion kelishuvga erishilgandi. Shu asosida Nurobod tumanidan hudud tanlanib, 353 gektar maydonda o‘tgan yil may oyida stansiya qurilishiga kirishildi. Kiritilayotgan 100 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobidan shu paytgacha asosiy podstansiyani qurish va jihozlash, infratuzilma yaratish, panellar va boshqa zarur texnika, texnologiyalarni keltirish ishlari amalga oshirildi. Stansiyada o‘rnatiladigan 295 mingdan ortiq quyosh panellarining 50 mingdan ortig‘i joylashtirildi. Hozirda bu ish jadal davom ettirilmoqda.
Mutaxassisning qayd etishicha, stansiya ishga tushgach yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Sodda qilib aytganda, ushbu stansiya orqali 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Hozirda shuncha miqdordagi elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun issiqlik elektr stansiyalarida 75 million kub metr tabiiy gaz sarflanadi. Bu shuncha miqdorda tabiiy gaz tejalishidan dalolat beradi. Tejaladigan ushbu hajmdagi gaz bilan respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini bir kun davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin ekan. Yana bir e’tiborli tomoni, atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilar chiqishining oldi olinadi.
– Mazkur stansiya istiqboliga ishonchimiz juda katta, – deydi “Total EREN” kompaniyasining qurilish bo‘yicha direktori Jorj Diab. – Chunki, birinchidan, tanlangan joy quyosh fotoelektr stansiyasi uchun juda qulay. Tabiiy shart-sharoit va imkoniyatlari yuqori. Shu paytgacha Qozog‘istonda ikkita shunday loyihani amalga oshirganmiz, lekin ular bilan qiyoslaganda, bu yer ancha mukammal. Ikkinchidan, eng zamonaviy panel va vositalardan foydalanyapmiz. Quyosh panellarining ikki tomoni orqali ham elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Havo bulut va tumanli bo‘lsa ham ozgina yorug‘likdan elektr energiyasi olinadi. Shuningdek, panellar quyosh harakatiga qarab, har 15 daqiqada harakatlanadi. Yil davomida ikki marta yuvilsa, kifoya. Maydonda 18 ta kichik podstansiya bo‘ladi va ular ham xorijning eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalari hisobalanadi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bu podstansiyalar orqali asosiy yuqori kuchlanishli stansiyaga yetkazib beriladi va undan umumiy tarmoqqa o‘tkaziladi.
Vazirlik va kompaniya mas’ularining bildirishicha, stansiyadagi barcha jarayonlar zamonaviy texnologiyalar va avtomatik tizim asosida boshqariladi. Shuncha katta ob’yektni boshqarish uchun 25 nafar ishchi-xodim mehnat qilar ekan.
Samarqanddagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasini joriy yilning aprel oyiga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda esa Kattaqo‘rg‘on tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 220 megavatt bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Ha, darvoqe, olis Nuroboddagi stansiya qurilishi bilan tanishish uchun bir kun vaqtimiz ketgan bo‘lsa-da, juda ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldik va boy taassurot bilan qaytdik. Shuning uchun ham yo‘l uzoq va mashaqqatli bo‘lganiga qaramay, press-tur qatnashchilari ob’yekt ochilishida qatnashishni niyat qilib, buni vazirlik matbuot xizmatiga ham bildirib qo‘yishdi.
G‘olib Hasanov,
Alisher Isroilov (surat).