Nurobodda fotoelektr stansiyasini qurish ishlari tezlashmoqda, ilk generatsiya quvvati oktyabrda yagona elektr energetikasi tizimiga ulanadi

Nurobod tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish ishlari davom etmoqda. Stansiya joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Hozirda kirish yo‘llarini qurish, yer maydonini tekislash va to‘siqlar bilan o‘rab chiqish ishlari yakunlangan. Shuningdek, respublikaga loyiha doirasida ishlatiladigan uskunalar olib kelinmoqda. Hozirga qadar 50 ta konteyner olib kelingan va 200 dan ortiq ishchi jalb qilingan.

Ilk generatsiya quvvatini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash 2021 yil oktyabr oyiga, loyihani to‘liq ishga tushirish esa 2021 yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan.

Mazkur stansiyaning ishga tushirilishi natijasida yiliga 260 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 76 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

Mazkur investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan elektr stansiyasining umumiy yer maydoni 353 gektarni, loyihaning umumiy qiymati esa 100 million AQSh dollarini tashkil etadi va investor (Fransiyaning “Total Eren SA”) tomonidan 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi.