Quyosh energiyasi: Samarqandda imkoniyat qanday?

2022 yil 1 oktyabrdan jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlarini uch yil mobaynida foizsiz bo‘lib to‘lagan holda sotib olishlari mumkin.

Bu haqda Prezidentimizning 2022 yil 15 sentyabrda qabul qilingan "Energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida aytildi.

Shuningdek, Farmonga ko‘ra, shu kabi qurilmalarni o‘rnatgan va ular qiymatini to‘liq to‘lagan shaxslar xarajatlari bir qismi Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasi hisobidan to‘lanishi belgilandi. Kompensatsiya miqdori qurilma quvvatidan kelib chiqqan holda, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi. Bu qulayliklar, albatta, muqobil energiya tarmog‘ini rivojlantirishga hissa qo‘shadi. 

- Respublikamizda muqobil energiya turlaridan foydalanish juda dolzarb masala hisoblanadi, - deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i To‘raxon Hoshimov. - Chunki uglevodorodli yoqilg‘ilar - ko‘mir, gaz, neft zaxiralari kamayib bormoqda, iqtisodiyot, energiyaga bo‘lgan talab va aholi o‘sib bormoqda. Shu bois muqobil energiyaga o‘tish zarurati tug‘ilmoqda. Yuzaga keladigan energiya yetishmovchiligi o‘rnini qoplash uchun muqobil energiya turlarini rivojlantirish zarur. Xususan, quyosh energiyasi. Hozirda respublikamizda bu yo‘nalishda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Dastlab Navoiy viloyatida 100 million kVtli, keyin viloyatimizning Nurobod tumanida ham shuncha kVtli quyosh stansiyalari qurilib, ishga tushirildi. Yana Nurobod tumanida 100 million, Kattaqo‘rg‘on tumanida 200 million kVtli hamda Cho‘ponota massivida 100 million kVtli quyosh stansiyalari qurilishi olib borilmoqda. Yaqin kelajakda Samarqandda 500 million kVtli stansiyalar quriladi.

Viloyatimizdagi aholi xonadonlarida mingdan ortiq quyosh panellari ishlab turibdi. Boshqarmamiz tomonidan 18 ta ijtimoiy soha ob’yektiga bepul quyosh panellari o‘rnatib berildi. Aholida quyosh panellari o‘rnatishga qiziqish yuqori, ammo bu qurilma o‘rnatilganda qo‘shimcha pul yoki soliq to‘lash kerak ekan, degan noto‘g‘ri tushuncha mavjud. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston qonunchiligida quyosh panellari o‘rnatganlik uchun hech qanday pul to‘lash yoki soliq olish normalari mavjud emas. Bu tizim respublikamizda energetika tarmog‘iga ko‘maklashish va atmosferaga zararni kamaytirish uchun tatbiq etilmoqda.

Bundan tashqari, shamol energiyasini rivojlantirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda. Bulung‘ur tumani Yuqori nuqta hududida yer sathidan 70 metr balandlikda doimiy shamol yo‘nalishlari aniqlandi. Urgut, Nurobod, Payariq tumanlarida 70 metr balandlikda shamol generatorlari keltirib o‘rnatilsa, elektr energiyasidagi muammoni birmuncha hal etish imkoniyati mavjud. Masalan, Germaniya, Niderlandiyada shamol energetikasidan foydalanish juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xitoyda 150 million aholi faqat quyosh stansiyasi energiyasidan foydalanadi. Yana gidrostansiyalardan ham samarali foydalaniladi. Viloyatimizda kichik gidrostansiyalardan 50 million kVt elektr energiyasi olinmoqda. 2021-2022 yillarda 6 ta kichik gidrostansiya qurilib, 250 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Shuningdek, bioenergetika, kelajakda vodorod energetikasi rivojlanishi kutilmoqda. Chunki vodorod energetikasi ham ekologik toza energiya hisoblanadi. To‘g‘ri, muqobil energiya tizimlarining narx-navosi hozirda biroz qimmatroq. Bu muqobil energiya uskunalarining import qilinayotgani bilan bog‘liq. Lekin quyosh panellari ishlab chiqaradigan zavodlar ochilsa, bunday uskunalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, narxlar tabiiy ravishda arzonlashadi. Yana bir qulay tomoni, quyosh panellari ishlab chiqarish uchun toza kvars qumi zarur. Bunday qum yurtimizda juda ko‘p.

O‘ktam Xudoyberdiyev.