2023 yilda Samarqand, Navoiy, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 1 100 MVt bo‘lgan 4 ta quyosh fotoelektr stansiyalari faoliyati boshlanadi
2026 yilga borib O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 8000 MVtga yetadi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Energetika vazirligi ma’lumotida qayd etilishicha, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqiladi.
Ushbu dasturga ko‘ra, umumiy quvvati 4 000 MVt bo‘lgan 8 ta shamol elektr stansiyasi quriladi. Jumladan, 2023-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1 600 MVt bo‘lgan 4 ta hamda 2025-2026 yillarda respublika bo‘ylab umumiy quvvati 2 400 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Shuningdek, umumiy quvvati 4 000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari foydalanishga topshiriladi. Jumladan, 2023 yilda Samarqand, Navoiy, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 1 100 MVt bo‘lgan 4 ta, 2024 yilda Buxoro, Namangan, Xorazm, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan 5 ta hamda 2025-2026 yillarda respublika bo‘ylab jami quvvati 1 800 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari faoliyati boshlanadi.
Ma’lum qilinishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini boshqarish tizimi ham rivojlantiriladi.