Muqobil energiyadan foydalanish ham tabiatga, ham davlat va korxona “cho‘ntagi”ga foyda keltiradi
Mamlakat iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan elektr iste’moli ham kundan-kunga oshmoqda. So‘nggi besh yilda yurtimizda xonadonlar 1 million 260 mingtaga ko‘paydi, korxonalar soni 260 mingtaga yetgan. Bular elektr energiyasiga bo‘lgan talabni 35 foizga oshirdi. Xususan, dunyoning rivojlangan davlatlarida ham energiyaga bo‘lgan talabning ortishi sabab zamonaviy, ekologik toza energiyalardan foydalanish talab etilyapti.
Bunday sharoitda shamol va quyosh energiya manbalaridan foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Dunyoning rivojlangan davlatlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Kosta-Rika energiyasining 98 foizini qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqaradi. Bu jarayonda gidro, geotermal, shamol, biomassa va quyosh energiyasidan foydalaniladi. Shotlandiyada elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 97 foizdan ortig‘ini qayta tiklanadigan manbalarga to‘g‘ri keladi. Germaniyada esa qayta tiklanadigan manbalar 2035 yilda 100 foizga yetishi kutilmoqda. Xitoy shamol va quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Pekin 2025 yilga borib energiyaning uchdan bir qismini qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
Endi yurtimizdagi imkoniyatlar va bugungi holat haqida to‘xtalsak. O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 300 kun quyoshli bo‘lib, bu 51 000 trillion kVt/soat energiya salohiyatiga ega. Bu salohiyatdan foydalanish orqali tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojni, atrof-muhitga bo‘lgan salbiy ta’sirni kamaytirish mumkin. Mamlakatni 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida “yashil” energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, 2026 yilga borib O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hajmi 8 000 MVtga yetkaziladi. Buning natijasida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini tashkil etadi. Bu yiliga qariyb 3 mlrd. kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda bugungi kunda yurtimizda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talab borligi, kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt soatga oshishi kutilayotganligini aytib, bunday vaziyatda eng samarali yo‘l uy, korxona, bog‘cha, maktab va shifoxonalarda muqobil energiyadan foydalanishni ko‘paytirish ekanligini ta’kidladi. Birgina, tejalgan gaz bilan yil davomida 1 million xonadonni tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin. Noan’anaviy energiya manbalaridan foydalanish mavjud gaz, elektr, ko‘mir zaxiralaridan iloji boricha kamroq foydalanishga zamin yaratadi. Shuning uchun energiya tejamkor texnologiyalarni takomillashtirish, ishlab chiqarish va xalq xo‘jaligiga joriy qilish yuqori naf keltiradi. Xususan, O‘zbekiston iqlim sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr tizimi orqali mahalliy elektr tarmog‘i bilan parallel holda ishlaydigan elektromobillarni tez zaryadlash qurilmasi ishlab chiqilgan. Bu tizim yiliga 32 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 950 ta elektromobilni zaryadlash imkoniyati yaratiladi hamda 11,2 ming kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 19,8 tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Quyosh energiyasidan foydalanish barobarida yangi ish o‘rinlarini kengaytirish mumkin. Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, qayta tiklanadigan energiya sektori qazib olinadigan yoqilg‘i sektoriga qaraganda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi birligiga ko‘proq ish o‘rinlarini yaratishi mumkin. Masalan, quyosh energiyasi har bir MVt quvvatga 11 tagacha ish o‘rni yaratsa, ko‘mir esa har MVtga atigi 1-7 ish o‘rni yaratishi mumkin. Bu esa energiyadan foydalanish imkoniyatini yaxshilashi, energiyaga bo‘lgan talabni qondirishi bilan birga ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni yaxshilashi mumkinligini bildiradi.
O‘zbekistonning g‘arbiy hududlari shamolli hudud ekanligini inobatga olib, respublikamiz uchun ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir muqobil energiya manbasi bu shamol energiyasidir. Global shamol energetikasi kengashi (GWYeC) ma’lumotlariga ko‘ra, shamol energetikasi quvvati ham jahon miqyosida o‘sib bormoqda, bunda Xitoy, AQSh va Germaniya kabi davlatlar yetakchilik qiladi. Jahon statistikasi shuni ko‘rsatadiki, shamol energiyasi quvvati 2020 yilda 93 GVt ga oshgan bo‘lsa, 2026 yilga borib 1123 GVtga yetishi kutilmoqda. Shamol energiyasi ham ish o‘rinlari yaratishi va mahalliy iqtisodiyotni oshirish imkonini beradi.
Prezidentimiz Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida bo‘lgan uchrashuvlarida 160 Mvtli quyosh panellari va 100 ta mikrogeslar qurilishini ta’kidladi. Ushbu vazifalar negizida Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikrogeslar qurilishi boshlanadi.
Ijtimoiy soha ob’yektlarida “quyosh energiyasi”dan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu loyihaga 200 million dollar mablag‘ ajratilib, kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi va “yashil energiya”ni byudjet korxonasiga sotadi. Kichik quyosh panelidan olinadigan 1 kilovatt-soat elektr energiya tannarxi o‘rtacha 450 so‘m, byudjet tashkilotiga 800 so‘mga sotish mumkin.
Har bir korxona va jamoada ushbu afzalliklarni anglab yetadigan payt keldi, deb o‘ylaymiz. Institutimiz misolida olib qaraydigan bo‘lsak, institut o‘quv binolari, talabalar turar joylari hamda sport binolari uchun 100 kilovatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yil iyun oyiga qadar umumiy quvvatti 230 kilovatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatiladi. Bu jamoamizning yillik 660 ming kv/soat energiyaga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash imkoniyatini beradi.
Prezidentimiz Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida Jizzax politexnika instituti professori O‘rinboy Yo‘ldoshev bilan shu masaladagi muloqoti ham kupchilik e’tiborini tortdi. U kishi o‘z takliflarini aytib, texnopark qurilishi boshlangani, u yerda quyosh panellari ishlab chiqarish liniyasi mavjudligi, xomashyo keltirish uchun 3,5 milliard so‘m mablag‘ zarurligini aytdi. Prezidentimiz O‘.Yo‘ldoshevning takliflarini ma’qullab, ortig‘i bilan mablag‘ ta’minlanishini ta’kidladi.
Xulosa shuki, quyosh va shamol energiyasi global miqyosda sezilarli o‘sishni va xarajatlarni kamaytirishni ta’minlovchi yagona va istiqbolli yo‘ldir.
Akbar Safarov,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori.