Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muqobil energiya kelajak energiyasi kafolati bo‘ladimi?

Insoniyatning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji tobora ortmoqda. Ammo bu atrof-muhitning ko‘p miqdorda ifloslanishiga olib kelmoqda, ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda energetika sohasida (transport, issiqlik ishlab chiqarish, sanoat, qurilish, uy va korxonalarni yoritish va isitish uchun) dunyo bo‘yicha atmosferaga 76 foiz tashlanmalar aniqlangan. Uning 68 foizi 10 ta mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi - Xitoy (26,1 foiz), AQSh (12,67 foiz), Yevroittifoq (7,52 foiz), Hindiston (7,08 foiz) va Rossiya (5,36 foiz).

Elektr energiyaning asosiy qismi foydali qazilmalarning yoqilishidan olinadi (ko‘mir, tabiiy gaz, neft, slanets, torf). Xalqaro energetika agentligi (XEA)ning xabariga ko‘ra, 2021 yilda jami elektr energiyaning 37 foizi ko‘mirdan, 23,5 foizi esa tabiiy gaz yoqilishidan ishlab chiqarilgan. Worldometer saytining xabariga ko‘ra, dunyoda 200 milliard tonnadan kam neft zaxirasi qolgan. Bu 47 yilga yetadi, xolos.

Ko‘mir zaxirasi 1 trillion tonna, tabiiy gaz 170 milliard kub metr atrofida qolgan. Ularning zaxirasi, ya’ni ko‘mir taxminan 133 yilga, gaz 52 yilga yetadi.

AQSh energetik axborot boshqarmasi (EIA)ning xabariga ko‘ra, barcha turdagi elektr stansiyalar atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yonilg‘ilar, biomassa va chiqindilarning yoqilishi oqibatida atmosferaga karbonat angidrid, oltingugurt dioksidi, azot oksidlari, og‘ir metallar (masalan, simob) chiqariladi. Ko‘mir, biomassa va chiqindilar to‘liq yonmaydi. Ulardan kul va qurum qoladi. Ularning barchasida toksik elementlar, ya’ni mishyak yoki simob bor. Uchuvchi birikmalar havoda tutunli gazlar orqali tarqaladi. Elektr stansiyalar kulni chiqindi poligonlariga tashlashadi yoki suv bilan aralashtirib, maxsus hovuzlarda saqlashadi. AQShda ular ochiq havzalarga quyilish holatlari qayd etilgan.

Energiya ishlab chiqarish uchun yonilg‘i materiallarini qazib olish suv resurslariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. YuNESKO ma’lumotiga ko‘ra, dengizda 120 tonna neftni qazib olishda 400 tonna qazish shlami va ming tonnadan ortiq turli chiqindilar suvga tashlanadi. Gidrokesish usuli bilan yerni ochishda oqova suvlar hosil bo‘lib, ular yer osti suvlarini ifloslantiradi.

Xalqaro energetika agentligining xabariga ko‘ra, 2021 yilda elektr energiyaga bo‘lgan talab 6 foizga o‘sgan. Biroq elektr energiyasini ishlab chiqarish, tashish va iste’moli oltingugurt dioksidi kislota yomg‘irlarini keltirib chiqarishi bilan atrof-muhitga katta zarar yetkazadi. Bular hayvon va o‘simliklar uchun juda ham xavfli. Mazkur birikma insonning yurak-qon tomir faoliyati, nafas yo‘llariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Azot oksidi toksik bo‘lib, o‘pka saratonini ham keltirib chiqarishi mumkin. Asosiysi, u iqlim o‘zgarishini tezlashtiradi.

Elektrstansiyalar ichida ekologiya uchun eng xavflisi ko‘mirda ishlaydigan TESlardir. Ko‘mirning yoqilishi oqibatida havoga azot oksidi, oltingugurt ikki oksidi, og‘ir metallar chiqariladi.

Greenpeace hamda Energetikani tadqiq etish va toza havo markazi (CREA)ning 2020 yilgi hisobotiga ko‘ra, atrof-muhitning ifloslanishi natijasida ekologiyaga yiliga 8 milliard dollar zarar yetkaziladi. Havoning ifloslanishi dunyo bo‘yicha 4,5 million insonning hayotiga zomin bo‘ladi. Havoning ifloslanishi natijasida yiliga 40 ming nafar bola 5 yoshga yetmay vafot etadi.

To‘g‘onlar bo‘yicha xalqaro komissiyaning xabariga ko‘ra, GESlardagi suv o‘simliklarining chirishi natijasida havoga 28 foiz issiqxona gazlari chiqadi. Dunyoda suv omborlari qurilishi va uning suvga to‘ldirilishi oqibatida 34 ta hayvonot, 12 ta o‘simlik turi butunlay yo‘q bo‘lib ketgan.

Butunjahon yadro assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yili dunyoda 442 ta yadroviy reaktor ishlagan. Ularning 70 foizi atrof-muhitga zararli, ba’zilarida radioaktiv suvlar suv ostini zararlamoqda.

Xo‘sh, elektr energiyasi ishlab chiqarishda hozirda qo‘llanilayotgan deyarli barcha uslublar insoniyatga zararli bo‘lsa, unda qanday energiya turidan foydalanish lozim. Axir dunyoni energiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Xavfsiz energiya bormi?

Jahonning ko‘plab taniqli ekolog va energetiklari eng xavfsiz energiya turi sifatida muqobil energiyadan foydalanishni taklif etishmoqda. Chunki bu turdagi energiyani ekologiyaga zarar yetkazmasdan olish mumkin.

Bu turdagi energiya quyosh, shamol, geotermal issiqlik (yer osti issiqligi), bioyonilg‘idan olinadi. Ularning yoqilishi natijasida havoga juda kam tashlanmalar chiqariladi. XEAning ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 2020 yilda muqobil energiya ishlab chiqarilishi 29 foizga yetgan. 2050 yilda karbonat angidrid havoga tashlanishini 0 foizga yetkazish uchun muqobil energiya 60 foizga yetishi lozim.

BMTning Taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamg‘arma (GEF), Qurilish vazirligi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda qo‘shma loyiha doirasida Buxoro viloyatida "Gender va binolarning energiya samaradorligi - yashil iqtisodiy rivojlanishning garovi" mavzusida seminar-trening tashkil etildi.  

Seminarning birinchi kunida odatiy energiya ishlab chiqarishga qo‘shimcha ravishda muqobil energiya turlaridan foydalanish va buning ekologiyaga ta’siri borasida jurnalist va blogerlarga tushuncha berildi. GEF tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha O‘zbekiston qishloq aholisini atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan, yaxshilangan va arzon turmush sharoiti bilan ta’minlashdan iborat.

Ikkinchi kun Buxoro viloyatining Buxoro tumani Rabotak mahallasida qurilgan namunaviy uylar va ko‘p qavatli xonadonlar tomida o‘rnatilgan muqobil energiya vositalari bilan tanishtirildi. Ushbu mahallada qurilgan uylarda bazalt tolali issiqlik tejovchi materiallardan foydalanilgan. Ko‘p qavatli xonadonlarning har biriga quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan. Lekin seminar ishtirokchilari va ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi uskunalar juda qimmatga tushishi, quyosh panellaridan olingan energiyani kechasi ham ishlatish uchun zarur bo‘ladigan akkumulyatorlarni uch yilda yangilash zaruriyati va ularni yangilash juda qimmat ekanligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi.

- Yangi uylarga o‘rnatilayotgan muqobil energiya ishlab chiqarish uskunalarining qancha muddat ishlashi, ehtiyot qismlari borasida birmuncha savollar bo‘ldi, - deydi BMT Taraqqiyot dasturi xodimi Bekzod Anorbekov. - Ushbu mahalladagi uylarga o‘rnatilgan uskunalar "Ofgrid" deb nomlanadi. Chunki bu tizim quyosh panellari va kerakli uskunalarni o‘z ichiga olgan, ya’ni bu mustaqil tizim. Aholi ehtiyoji uchun elektr enegiyasini quyosh nuridan olib, uyni yoritish va ma’lum bir maishiy texnikalarni ishlatish uchun yo‘naltiradi. Lekin savollardan kelib chiqib, bu uskuna batareyalarining ishlash davri kamligi hisobiga ikkinchi o‘rindosh yechim sifatida batareyalarsiz "Ongrid" tizimida tuman elektr tarmoqlariga ulanadi. Quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ortiqcha qismi tuman elektr tarmoqlari korxonasiga "sotiladi". Quyosh bo‘lmagan va yomg‘irli kunlarda esa bu energiya tarmoqdan olinadi. Bu bilan aholining turmush sharoitini yaxshilash va elektr uchun kamroq pul to‘lash nazarda tutilgan. Shu maqsadda Namangan, Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 22 ta ko‘p qavatli uylardagi 528 ta xonadonga 600 Vattlik quyosh panellari bepul o‘rnatib berilgan. Hozirda bu uskunalarning samaradorligini aniqlash uchun o‘rganishlar olib boryapmiz. Xulosalarimizni Qurilish va Energetika vazirliklariga taqdim etamiz. Ular keyingi bosqichda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va tizimni takomillashtirish bo‘yicha o‘z yechimlarini ishlab chiqishadi.

Haqiqatan ham bu tizim jahon olimlari tomonidan ham kelajak energiyasi sifatida qaralmoqda. Hattoki, ayrim Yevropa davlatlarida muqobil energiya yordamida elektr ishlab chiqarish aholi iste’molining katta qismini tashkil etayotgan davlatlar ham bor. Ammo xonadonlarni quyosh yorug‘ligi asosida mustaqil ravishda to‘liq energiya asosida ta’minlaydigan uskunalar juda qimmat va hozirda chetdan valyuta hisobiga keltirilmoqda. Agarda bunday uskunalar o‘zimizdagi mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilsa, narx arzonlashadi va bu tizimga ehtiyoj yanada ortadi.

- Kompaniyamiz O‘zbekiston bozorida bir necha yildan buyon muqobil energiya tizimlarini o‘rnatish borasida faol ish olib boryapti, - deydi "Solara" kompaniyasi vakili Karimbek Nurmurodov. - O‘rnatayotgan 450, 540 Vattlik "monokristal" 25-30 yil kafolatli quyosh panellarimiz Armanistondan keltiriladi. Hozirda muqobil energiya tizimlarining yurtimizda eng ommabop bo‘lgan turi akkumulyatorsiz tarmoq hisoblanadi. Bunda kunduz vaqti quyoshli kunlarda iste’molchi o‘z ehtiyojidan ortgan energiyani sotadi, quyoshsiz paytda elektr tarmoqlaridan energiya oladi. Asosiy elektr iste’moli kunduzgi payt bo‘lgani uchun ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish majmualari, zavod, fabrika, tashkilotlar ham energiyaning aynan shu turini ma’qul ko‘rishmoqda. Qolaversa, bu tizim ancha arzon. Bir kilovatt energiya ishlab chiqarish uskunasini o‘rnatish xarajatlari bilan birgalikda 10-11 million so‘mga tushmoqda. Bu mablag‘ hisobidan o‘rnatish, qo‘shimcha jihozlar, mijozning xohishiga ko‘ra, qo‘l telefoni yoki kompyuterga ilova ham ulab beriladi. Ilova yordamida uskunaning qancha elektr ishlagani, qanchasi iste’mol qilingani va sotilganigacha nazorat qilinadi.

Hozirda "Geleviy" va "Ledion" stansiyali akkumulyatorlar ishlatilmoqda. "Geleviy" akkumulyatorlar bir, ikki, ko‘pi bilan uch yil ishlaydi, keyin almashtirish talab qilinadi. "Ledion" akkumulyatorlar kafolatli muddat bilan 5,10,15 yilgacha ishlaydi. Shuning hisobiga bir kilovattlik "Ledion"li stansiyani o‘rnatib berish, to‘liq jihozlari bilan birga 25 million so‘mgacha tushadi. 500 Vattlik stansiyalar 7 million so‘mgacha o‘rnatiladi. Bu asosan yoritish tizimlari uchun qo‘llaniladi. Xonadonda elektr energiyasini ko‘p talab qiladigan maishiy texnikalarni ishlatish uchun o‘rtacha 5 kilovatlik stansiya o‘rnatish lozim. Standart 2 kvadratlik bitta panel soatiga 450 Vatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bitta xonadonni to‘liq muqobil energiyaga o‘tkazish uchun ishlatish quvvatiga qarab, o‘rtacha 12 ta quyosh paneli o‘rnatiladi. Hozirgacha respublikamizning turli hududlaridagi qo‘mita, hokimliklar, xususan, Samarqand viloyatidagi ko‘plab hokimlik, tashkilotlarga ham akkumulyatorsiz stansiyalar o‘rnatilmoqda.

O‘ktam Xudoyberdiyev.

(Davomi bor)