Quyosh va shamol elektr uskunasi uchun 15 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi
Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishda so‘nggi yillarda aholining elektr ta’minotidagi uzilishlar ancha qisqargani qayd etildi. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining gazga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha yuklama elektr tarmoqlariga tushmoqda.
Hozirgi kunda aholining kamida 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talabi mavjud. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj yana 10 milliard kilovatt soatga oshadi.
Bunday vaziyatda eng samarali yo‘l – muqobil energiyadan foydalanishni ko‘paytirish.
Prezident ushbu masala umummilliy ahamiyatga egaligini qayd etib, muqobil energiya uskunasini o‘rnatgan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.
Bunda, aholi va tadbirkorlarga:
- o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun quvvatiga qarab 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi;
- yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus jamg‘armasi orqali joriy etilishi belgilandi.