Nega fermerning go‘sht do‘koni yo‘q?
Yangi yil bayrami yaqinlashgan sari go‘sht do‘konlari gavjumlashyapti. Qassoblarning bozori chaqqon. Afsuski, talab oshishi bilan go‘sht narxi ham qimirlab qoldi...
Hozir Payariqdagi bozor va do‘konlarda mol go‘shiti 70- 75 ming so‘mdan sotilyapti. Bayram ostonasida bundan ham oshsa ajabmas.
Lekin negadir hech kim “Nega narxni oshirding, bu narxda emas, arzon sot!” demaydi. Aytadigan nazorat organi ham, mutasaddi ham bo‘lmasa kerak. Bozor talabi bu, deyishadi.
To‘g‘ri, narx talab va taklifdan kelib chiqadi. Lekin davlat tomonidan chorvachilikni rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash, chetdan naslli qoramollar keltirish va ko‘paytirishga shuncha e’tibor qaratilayotgan, imkoniyat va imtiyozlar yaratilayotgan bir paytda nega narx tushmaydi, tushmaganda ham barqaror ushlab turilmaydi?
Har bir tumanda bugun katta-katta chorvachilik xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’yektlari bor. Ammo qani ularning go‘sht do‘konlari?
Men Payariq tumanida ana shunday go‘sht sotadigan maskanlar borligini ko‘rmaganman. Boshqa joylarda-chi? Fermerning go‘sht do‘koni bormi?
Bayramlar oldidan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Bu yaxshi, albatta. Ushbu yarmarkalarda asosan, fermerlar mahsulot olib borib sotadi. O‘sha narx ularni qanoatlantiradi. Shunday bo‘lgach, nega bozorlarda, savdo markazlarida dehqon va fermerlar uchun rastalar, savdo do‘konlari ajratib berilmaydi?
Shu haqda ham o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimi? Nima dedingiz?
Husniddin Xoldorov.