Fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar tuman hokimligi tomonidan qoplanadi
Biznes-ombudsman Bulung‘ur tumani hokimligiga nisbatan kiritilgan da’vo bo‘yicha sudda yutib chiqdi.
Da’vo ariza fermer xo‘jaliklarining yer uchastkasini olib qo‘yilishi natijasida yetkazilgan zararni undirish maqsadida kiritilgan edi.
Aniqlanishicha, tuman hokimining qaroriga asosan fermer xo‘jaliklariga 14,4 gektar yer maydoni uzoq muddatli ijaraga berilgan. Biroq, keyinchalik hokimlik tomonidan fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari tuman zaxira yerlari ixtiyoriga qaytarib olingan bo‘lib, yetkazilgan zarar to‘lab berilmagan.
Fermer xo‘jaliklari bog‘dorchilik faoliyatiga ihtisoslashgan bo‘lib, ularning yer maydonlari tuman zaxira yerlari ixtiyoriga qaytarilib olinishi natijasida yer maydonida mavjud bo‘lgan 2056 tup mevali daraxt va 1120 tup tokzori buzib tashlangan.
Biznes-ombudsmanning Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritgan da’vo arizasi natijasida Bulung‘ur tumani hokimligining hisobidan fermer xo‘jaliklarining foydasiga 377 million so‘mlik mablag‘ni yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sifatida undirilishi belgilandi.