Fermerlar “Jomboydon” AJdan pullarini ololmayapti: Jamiyat vaji esa “yopishmayapti”

Tahririyatimizga Bulung‘ur tumanida faoliyat yuritayotgan bir guruh fermer xo‘jaliklari shikoyat arizasi bilan murojaat qilishdi.

Xo‘jaliklar “Jomboydon” AJ bilan 2021 yilgi boshoqli don xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko‘ra, ushbu xo‘jaliklar 2021 yil hosilidan davlat buyurtmasi asosida qariyb 118 tonna g‘alla topshirgan, jamiyat ularga g‘allaning har kilogrami uchun 1347 so‘mdan haq to‘lab bergan. Xolbuki, fermerlar shartnomada g‘allaning har kilogrami uchun 2500 so‘mdan haq to‘lash belgilanganligini aytmoqda.

Bu ham yetmagandek, xo‘jaliklarning shartnomadan ortiqcha topshirgan 47 ming 610 kilogramm g‘alla hosili uchun ham 1347 so‘mdan haq to‘langan va bundan ham fermerlar 78 million so‘mdan ortiq zarar ko‘rgan.

Xo‘jalik boshliqlari ham bu masalani oydinlashtirish uchun bir necha bor sud idoralariga murojaat qilgan, lekin urinishlar samara bermagan. Sud xulosasiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari ortiqcha mahsulotni “Jomboy don gumbaz oltin boshoq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga emas “Jomboydon” AJga topshirgan.

Eng qizig‘i, yuqoridagi korxona aynan “Jomboydon” tasarrufida, begona emas. Ammo shu vaj bilan fermerlarning puli hamon berilgan emas. Hatto ombor ham bitta, fermerlar mahsulotni ko‘rsatilgan omborga yetkazgan.

Shu tarzda “Jomboy don gumbaz oltin boshoq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati oldida topshirilmagan mahsulot uchun 2500 so‘mdan haq to‘lab berish majburiyati yuzaga kelmagani aytilmoqda. Fermerlar esa kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaydi.

Axir, yuqorida aytilganidek, don bitta omborga to‘kilayotgan bo‘lsa, buning ustiga “Jomboy don gumbaz oltin boshoq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati “Jomboydon” AJ qoshida tashkil etilgan bo‘lsa. Ushbu bahona fermerni ochiqchasiga yerga urish, dehqonning yil davomidagi mehnati, uning qadrini toptash emasmi?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV, Zarnews muxbiri
Baxtiyor MUSTANOV, tasvirchi.