Fermer klasterni tanlaydimi yoki klaster fermerni?
Ikki oydan buyon bizni ana shu savol qiynaydi. Qiynasa, mayli, ammo ishimiz oldinga ketmayotgani, bugun dehqonchilik ishlarini bajarish o‘rniga papka qo‘ltiqlab, u idoradan-bu idoraga chopayotganimiz alam qiladi.
Gap shundaki, biz, Payariq tumanining Chelak hududida joylashgan yuzdan ziyod fermer xo‘jaliklari 2020 yilda tumanimizdagi “Payariq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzib, g‘alla, paxta xom ashyosini yetkazib berdik. Biroq klaster tomonidan fermerlarga hech qanday yordam ko‘rsatilmadi. Jumladan, keyingi 2-3 oyda yerni shudgorlash uchun yoqilg‘i, mineral o‘g‘it, fermer xo‘jaliklarining texnikalari uchun ehtiyot qismlar yetkazib berilishi yuzasidan yordam berilmadi. Hatto, topshirilgan paxta hosili uchun pul mablag‘lari ham to‘lanmadi, fermerlar barcha xarajatlarni o‘zlarining hisobidan amalga oshirdi. Xo‘sh, bunday munosabatdan keyin fermer nima qilishi kerak?
Albatta, o‘ziga qulay bo‘lgan boshqa, foydali yo‘llarni, jumladan, hamkor qidirishiga majbur bo‘ladi. Ayni o‘sha kunlari, ya’ni 2021 yil 16 noyabrda Prezidentimizning “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatda bir hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat) barcha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishiga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xom ashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzishga ruxsat berilishi belgilandi. Shunga asosan hududimizdagi 103 ta fermer xo‘jaligi 2022 yil paxta xom ashyosi yetkazib berish uchun Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tegishli tartibda shartnoma tuzdi. Shartnomaga ko‘ra, yoqilg‘i, mineral o‘g‘it va texnikalarimiz uchun ehtiyot qismlar oldik. Natijada yerga mineral o‘g‘it solib, shudgorlash ishlarini yakunladik.
Yer maydonimiz Payariq tumanida bo‘lganligi bois bizning “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJ bilan tuzgan shartnomalarimiz Fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi Payariq tumani bo‘limining huquqiy masalalar va shartnomaviy munosabatlar guruhi hamda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim ekan. Biz shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ularga murojaat qildik. Biroq guruh va bo‘lim mutasaddilari turli bahonalar bilan hujjatlarimizni qaytarib yubordi. Jumladan, “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJni Payariq tumaniga ko‘chirish yoki ushbu korxona filialini tumanimiz hududida tashkil etish zarurligi, biroq bu borada “Kattaqo‘rg‘on klaster”ning mansabdor shaxslari tuman hokimligiga murojaat qilmaganligini ro‘kach qilishdi.
Shundan so‘ng Payariq tumani hokimiga murojaat qildik. Hokim bunga qarshi emasligi, faqat tumanda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan xohlagan (tumanda 2 ta klaster korxonasi faoliyat yuritadi) klaster korxonasi bilan ixtiyoriy ravishda shartnoma tuzib, hamkorlikda ishlash mumkinligini bildiruvchi javob xati berdi. Shuningdek, viloyat adliya va qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, tuman prokuraturasi ham 2022 yil hosili uchun paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha viloyatdagi xohlagan klaster korxonasi bilan shartnoma tuzib, faoliyat yuritish mumkinligi haqida javob xati yo‘lladi.
Qog‘ozlarda hammasi qonunga mos, silliq. Biroq amalda hamon “Otangga bor, onangga bor” qabilida ish tutilyapti. “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJ rahbarlari biz, fermerlar bilan birga tuman hokimligi, mas’ullari bilan bir necha bor uchrashdi. Shundan so‘ng hududimizdagi fermer xo‘jaliklarga yaqin uchta manzilda o‘z xizmat ko‘rsatish maskanlarini tashkil etdi. Shu yerdan mineral o‘g‘it, texnikalarimiz uchun ehtiyot qism oldik. Ayni paytda har gektar yerga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it solishimizga ko‘mak beryapti.
Shu bilan birga “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJ g‘o‘za qator oralariga ishlov beruvchi texnikalar olishimiz va artezian quduqlar kovlashimiz uchun mablag‘ ajratishni ko‘zda tutgan. Albatta, bular ularga yetkazib beradigan paxta xom ashyomiz evaziga. Lekin gap ushbu mablag‘ning hozirdan ajratilayotgani, buning natijasida yerlarimiz hosildor bo‘layotgani, qishloq xo‘jaligi ishlarini vaqtida bajarish imkoniyatimiz kengayayotganida.
Endi o‘zingiz xolis gapni ayting: bundan kim naf ko‘radi? Avvalo, tuman iqtisodiyoti, fermerlar, bu xo‘jaliklarda ishlayotgan tumanimiz aholisi emasmi? Yerlarimiz hosildor bo‘lsa, sug‘orish uchun artezianimiz bo‘lsa, mahsulot mo‘l bo‘lmaydimi? Vaholanki, g‘alla yetkazib berish bo‘yicha Payariqdagi klaster korxonalari bilan hamkorlik qilayotganimizni e’tiborga olsak, bu ham tumanimiz uchun har tomonlama foydali. Mutasaddilar ana shu jihatlarga e’tibor qaratgan holda bizning birgina iltimosimizga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishsa yaxshi bo‘lardi. So‘rayotgan iltimosimiz esa bitta: Fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi Payariq tumani bo‘limining huquqiy masalalar va shartnomaviy munosabatlar guruhi hamda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomalarimizni ro‘yxatdan o‘tkazishsa bas. Muhimi, bu qonunga aslo zid emas.
Farhod Saydiyev,
Payariq tumanidagi “Davlatbek nurli zamin” fermer xo‘jaligi boshlig‘i.