“Klasterni fermer tanlaydi, biroq bu qarzdorlikni keltirib chiqarish evaziga bo‘lmasligi kerak”: Klaster fermerlar shikoyatidagi vajlarga qo‘shilmasligini aytmoqda
Shu yil 8 yanvar kuni saytimizda Payariq tumanidagi “Davlatbek nurli zamini” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Farhod Saydiyevning “Fermer klasterni tanlaydimi yoki klaster fermernimi?” sarlavhasi ostida murojaati e’lon qilingan edi.
Unda ko‘tarilgan muammo va masalalar yechimi yuzasidan tumandagi fermerlar faoliyatiga aloqador mutasaddi tashkilotlar javob xati yo‘lladi.
Jumladan, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i R.Xolbo‘tayev va Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi raisi A.Valiyev imzosi bilan kelgan xatda fermer Farhod Saydiyev va boshqa fermerlar bundan oldin ham bir necha bor tuman, viloyat hokimligi va boshqa yuqori turuvchi organlarga murojaat yo‘llaganini bayon etgan.
“Tumandagi 62 ta fermer xo‘jaligi “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJ bilan ikki tomonlama shartnoma tuzib, 2022 yil paxta hosili uchun kuzgi shudgorlashga talab etiladigan yoqilg‘i va fosforli mineral o‘g‘itlar uchun 2255 mln. so‘mlik mahsulotlar olgan. Ushbu fermer xo‘jaliklarining 44 tasi esa tumandagi “Payariq klaster” MChJdan 166 mln. so‘mlik yoqilg‘i moylash mahsulotlarini olgan. Shu jumladan, “Qirqsaydov agro” fermer xo‘jaligi “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJdan 70 mln. so‘mlik, “Payariq klaster” MChJdan 5,1 mln. so‘mlik, “Muzaffar Sindarov zamin dalasi” fermer xo‘jaligi “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJdan 159,9 mln. so‘mlik, “Payariq klaster” MChJdan 4,9 mln. so‘mlik, “Tirkashev Shuhrat bog‘lari” fermer xo‘jaligi “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJdan 99,5 mln. so‘mlik, “Payariq klaster” MChJdan 8,9 mln. so‘mlik va “Umid Xo‘janov paxta dalalari” fermer xo‘jaligi “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJdan 44,5 mln. so‘mlik, “Payariq klaster” MChJdan 3,8 mln. so‘mlik mahsulotlar olgani aniqlandi.
Bugungi kunda ushbu fermer xo‘jaliklarining soliq oldidagi qarzdorligi 2135,4 mln. so‘m, bank imtiyozli kreditlaridan jami 7720,7 mln. so‘m, shundan qarzdorlik paxta imtiyozli kreditidan 5469,9 mln. so‘m va g‘alla imtiyoli kreditidan 2250,8 mln. so‘mni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 25 dekabrdagi 03/29-06/128-sonli xatida “Kattaqo‘rg‘on klaster” MChJning kelgusidagi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida taklifi berilgan”, deyiladi.
Shuningdek, tumandagi "Payariq klaster" MChJ raisi H.Mamasidiqov javobida quyidagilarni yozgan: “2020 yilda tashkil etilgan korxonamiz faqat paxta to‘qimachilik yo‘nalishida faoliyat olib boradi. Jamiyatimiz 2021 yil paxta xom ashyosi yetishtirish uchun tumandagi 410 ta fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi imzolagan. Shunga asosan fermerlarga paxta xom ashyosini yetishtirish uchun yoqilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘it, texnika xizmati, suv nasoslari va boshqa inventarlarga 22,7 mlrd. so‘m, paxta xom ashyosini terib olish uchun 20,7 mlrd. so‘m, yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra 80 mlrd. so‘m resurs mablag‘ to‘lab berilgan. Bugungi kunga kelib tumandagi fermer xo‘jaliklariga paxta xom ashyosi xaridi uchun to‘lovlar to‘liq amalga oshirilgan. Hozirda jamiyatimiz bilan 2022 yil paxta hosilini yetishtirish uchun fyuchers shartnomasini tuzgan tumandagi 291 ta fermer xo‘jaliklariga kuzgi shudgorlash ishlari uchun yoqilg‘i, ish haqi va texnika xizmatlari uchun 7,39 mlrd. so‘m pul mablag‘i to‘lab berilgan.
"Kattaqo‘rg‘on klaster" MChJ bilan 2022 yil paxta hosilini yetishtirish uchun fyuchers shartnomasini tuzgan tumandagi 103 ta fermer xo‘jaliklariga 2021 yil paxta hosilini yetishtirish uchun bizning klaster korxonamiz jami 24,1 mlrd. so‘m miqdorida resurs mablag‘lari ajratgan. Shundan 5,9 mlrd. so‘m yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlarga, 4,3 mlrd. so‘m terim pullari va yakuniy hisob-kitoblar uchun 13,8 mlrd. so‘m berilgan. Lekin ushbu fermer xo‘jaliklari paxta hosilini yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatni 52,3 foizga bajargan bo‘lib, ularning "Payariq klaster" MChJ oldidagi qarzi 598,3 mln. so‘mni tashkil qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 noyabrdagi "Paxta to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 dekabrdagi "Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida"gi Qarori bilan hududlardagi fermer xo‘jaliklari paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda o‘zlari tanlagan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan fyuchers shartnomalari tuzish erkinligi berildi. Lekin bu davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlarni fermer xo‘jaliklari suiiste’mol qilishlari mumkin, degani emas. Ya’ni, klasterlar tomonidan berilgan resurs mablag‘larini bir qancha fermer xo‘jaliklari tomonidan noo‘rin sarflanishi natijasida davlat va klaster oldidagi paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarini bajara olmaganligi bois resurs mablag‘laridan, qolaversa, soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan katta miqdorda qarzdorlik kelib chiqmoqda. Fermerlar masalaning mana shu tomonini hisobga olishlari zarur”.
***
P/s: Payariq tumanidagi klaster korxonasi va bir qator fermerlar o‘rtasida shu tarzda g‘alati vaziyat paydo bo‘lmoqda: Fermerlar klaster tomonidan ularga hech qanday yordam ko‘rsatilmagani, keyingi 2-3 oyda yerni shudgorlash uchun yoqilg‘i, mineral o‘g‘it, fermer xo‘jaliklarining texnikalari uchun ehtiyot qismlar yetkazib berilishi yuzasidan yordam berilmagani va hatto, topshirilgan paxta hosili uchun pul mablag‘lari ham to‘lanmaganini aytmoqda. Klaster esa aksincha, mahsulotlar yetkazilgani, fermerlarning o‘zi klasterdan qarzdor ekanini ma’lum qilmoqda.
Tuman qishloq xo‘jaligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limlari esa fermerlarga klaster tomonidan tegishli mahsulotlar yetkazilganini aytish bilan bir qatorda fermerlarning soliq qarzdorligini eslatmoqda (fermer va klaster o‘rtasidagi mojaroda soliq qarzdorligining qanchalik aloqadorligini unchalik tushunmadik).
Nima bo‘lganda ham, har ikki tomon o‘zini haq deb bilgan mazkur vaziyatni mutasaddilar chuqur o‘rganib chiqadi, degan umiddamiz.