Klaster: xom ashyo tayyorlashdan tayyor mahsulotgacha
Bugun viloyatimizdagi 9 ta klaster korxonasi paxta xom ashyosini yetishtirishdan qayta ishlashgacha shug‘ullanib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
Joriy yil 1 fevral holatida, ularda 97949 tonna paxta qayta ishlanib, 31811 tonna tola, 50243 tonna chigit hamda 2986 tonna paxta momig‘i tayyorlangan.
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda Ishtixon tumanidagi “Marokand Sifat Textile” MChJ klaster korxonasi misolida paxta xom ashyosini qayta ishlash jarayoni bilan yaqinroq tanishish imkoniyati yaratildi.
2019 yilda tashkil etilgan korxonada bugun 520 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Klasterda 2021 yil hosilidan 29740 tonna paxta qabul qilinib, hozirgacha 24094 tonnasi qayta ishlangan. Buning hisobiga 7362 tonna ip-kalava, 12411 tonna chigit hamda 697 tonna paxta momig‘i ishlab chiqarilgan.
— Birgina ip-kalava ishlab chiqarish korxonamiz yiliga 11 ming tonna paxtani qayta ishlash quvvatiga ega, — deydi klaster bosh direktori Sherali Husanov. — O‘tgan yilgi hosildan olingan 10 ming tonna paxtaning 70 foizini qayta ishlab bo‘ldik. Ahamiyatlisi, undan 26 xil turdagi ip-kalava tayyorlanadi. Bu texnologiyani viloyatda birinchilardan bo‘lib joriy qilganmiz. Shu bois mahsulotimiz mahalliy va xorij bozorida xaridorgir. Ayni kunda Germaniya, Polsha, Turkiya, Xitoy singari davlatlarga ip-kalava eksport qilmoqdamiz. O‘tgan yilgi eksport qiymati 12 million 500 ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Aytish joizki, klaster xom ashyoni qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan vositalarning deyarli barchasini o‘zi ishlab chiqaradi. Xususan, Fransiyadan keltirilgan texnologiyalar asosida tashkil etilgan zamonaviy laboratoriya ishlab chiqarilayotgan har qanday mahsulot sifatini yanada yaxshilash, eksport standartlariga moslash imkonini bermoqda.
— Paxta ip-kalava holiga kelgunicha 6 bosqichli qayta ishlovdan o‘tadi, — deydi korxonaning ishlab chiqarish bo‘yicha boshlig‘i Shuhrat Toshev. — Bu murakkab jarayon Germaniyadan keltirilgan qurilmalarda amalga oshirilyapti. Klasterimizning yana bir o‘ziga xosligi, unda boshqa korxonalardan farqli ravishda birorta xorijlik mutaxassis ishlamaydi. Barcha xodimu rahbarlarimiz mahalliy mutaxassislar.
Klasterga qarashli traktor parkida 50 dona MTZ-80 “Belarus” rusumli traktor saf tortib turibdi. Korxona ish yurituvchisi A. Karimovning ta’kidlashicha, barcha transport va texnikalar dala ishlariga shay holatga keltirilgan. Park 200 dan ortiq fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzib, mavsumiy ekin-yig‘in tadbirlarida qatnashmoqda.
Asqar Barotov.