Eng katta va eng keksa: Timsoh bir vaqtning o‘zida ikkita rekord o‘rnatdi

Avstraliya qirg‘oqlari yaqinidagi Yashil orolda tirik afsona Kassius laqabli taroqsimon timsoh yashaydi. Uning uzunligi 5 metrdan oshadi, yoshi esa olimlarning fikriga ko‘ra, 120 ga yetgan.

Bu gigant nafaqat bugun yashayotgan odamlarning ko‘pchiligidan kattaroq, balki asirlikdagi turlarning eng katta vakili sifatida rasman tan olingan.

Kassius 1984 yilda Avstraliyaning shimoliy hududidagi Finnis daryosida ushlangan. Mahalliy fermerlar sudralib yuruvchini chorva mollari uchun tahdid deb hisoblashdi, shu sababli uni mutaxassislar qo‘lga olishga qaror qilishdi.

Olimlar hudud uchun uzoq davom etgan janglar izlari - dumi va tumshug‘ining bir qismi shikastlangan timsohni qanday topib olganini hanuzgacha eslaydi.

Kassius hozir 40 yil oldin olib kelingan Marineland parkida yashaydi. Tashrif buyuruvchilar gigantning basseynda bemalol suzishini yoki quyoshda toblanib o‘tirishini tomosha qilishlari mumkin.

Qari bo‘lishiga qaramay, u faol va juda qiziquvchan. Park xodimlari timsoh hech qachon “muloqot qilish” imkoniyatidan bosh tortmaydi, deb hazillashadi - agar biror narsa uning e’tiborini tortsa, u shiddat bilan og‘zini yopadi.

- U necha yoshda ekanligini unutib qo‘yganga o‘xshaydi, - deydi oilasi bilan birga Kassiusga g‘amxo‘rlik qilib keladigan Tyudi Skott. - Odatda qarib qolgan sudralib yuruvchilar bo‘shashib, sust bo‘lib qoladi, lekin u har doim hushyor. Uning nigohlarida hamon kuchni ko‘rish mumkin. 

Kassiusning ratsioniga u ishtaha bilan yeydigan tovuq go‘shti va tunets balig‘i kiradi.

Qarovchilarning ta’kidlashicha, ovqat haqida gap ketganda Kassius o‘zini namoyon qiladi - u ovqat berishlarini kutib o‘tirmasdan, o‘zi ovqatlanishni afzal ko‘radi.  

Olimlar uning uzoq umr ko‘rish fenomenini o‘rganishda davom etmoqda. Kassius jahon urushlari, atrof-muhit o‘zgarishlaridan so‘ng ham omon qoldi, o‘nlab qarindoshlaridan ziyod umr ko‘rib, o‘z turining kuchli va chidamlilik ramzi bo‘lib qolmoqda.

Gigantning chandiqlari va dumining bir qismi yo‘q bo‘lishiga qaramay, yillar davomida olingan fotosuratlar Kassius kuchning ta’sirchan timsoli bo‘lib qolishini ko‘rsatib turadi. Uning hayoti, hatto asirlik sharoitida ham tabiatni hayratda qoldirishining noyob namunasi bo‘lib qolmoqda. 

Qiziq, sayyoramizning qadimgi aholisi yana qancha sirlarni o‘zida saqlar ekan?

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.