Yer sotgan fermerga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, “Huquqbuzarliklarga qarshi kurash oyligi” doirasida viloyatda bir kunda ikkita firibgarlik jinoyati fosh etildi.

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi M.Q. Urgut tumani Navro‘z mahallasida istiqomat qiluvchi O‘.Z.ga o‘zini Toshkent shahridagi sport klublardan birining direktori deb tanishtirib, yaqinda AQShga borayotganini aytadi va uning o‘g‘li F.P.ni sport klubi orqali Amerikaga yubrishga va’da beradi. Shu tariqa O‘.Z.ning ishonchiga kirib, undan 6920 AQSh dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Payariq tumanidagi “Yakkasaroy” MMTPga qarashli fermer xo‘jalik rahbari O‘.M. esa Yangiobod mahallasida yashovchi bir nechta fuqarolarga fermer xo‘jaligining sug‘orib ekiladigan yer maydonidan 10 sotixdan 20 sotixgacha jami 79 sotix yer maydonini uy-joy qurish uchun o‘lchab berib, kelgusida tuman hokimining egalik huquqini tasdiqlash to‘g‘risida qaror chiqarishga ko‘maklashishga va’da beradi. Ularni aldab, ishonchiga kirgan va jami 64 million so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Mazkur ikki holat yuzasidan ushbu fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.