Yer talashgan aka-uka nizosiga kim yechim topadi?
Tahririyatimizga Payariq tumani Ko‘paki mahallasida yashovchi Ashurboy Ahmedovdan shikoyat xati keldi. Unda jumladan shunday deyiladi:
«1993 yil qishloq joydagi aholining turmush tarzini yaxshilash maqsadida kolxozchi va ishchi pudratchilarga yer ajratib berish to‘g‘risidagi Prezident farmoni asosida sobiq Navbahor jamoa xo‘jaligidan 0,15 gektar yer maydoni berildi. Mahallamizda aholi asosan uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Shu bois, men ham yangi uchastkada tokzor barpo etdim, keyinchalik yer uchastkasida uy-joy qurish uchun poydevor quyib, qisman devor ko‘tardim. 1998 yilda vaqtincha foydalanib turish uchun bog‘ni akam Rustam Nazarqulovga berdim va u yerdan 10 yildan ortiq foydalangach, yerni o‘z mulki hisoblay boshladi. 2014 yildan buyon qonunan menga tegishli bo‘lgan yer uchastkasi uchun akam Rustam va o‘g‘li Husniddin bilan nizolashib kelyapmiz. Ammo bu holat sudlar va boshqa organlar tomonidan qonuniy hal etilmayapti. Tuman hokimi sud ishi tugamasdan turib yerni ikkiga bo‘lib berish to‘g‘risida qaror chiqardi. Endi esa akam va o‘g‘li o‘z yer uchastkamga ham kiritmayapti. Ammo hokim qarorining ijrosini tuman kadastr bo‘limi xodimlari ta’minlay olmaydi, chunki yer uchastkasi davlat ro‘yxatidan mening nomimga o‘tgan. Sayyor sudlarda ham yer menga tegishli ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi, ammo yakuniy ijro yo‘q».
Yer qonunan kimga tegishli?
Hujjatga ko‘ra, sobiq «Navbahor» xo‘jaligining 1993 yil 15 dekabrdagi 12 -sonli qarori bilan A.Ahmedov nomiga 0,15 gektar yer maydoni ajratilgan va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida 2007 yil 24 iyulda guvohnoma berilgan. Nega unda yer uchastkasiga boshqa kishi egalik qilmoqda va yer maydonini bo‘lib berish to‘g‘risida hokim qarori chiqarilgan?
- Haqiqatan ham sobiq «Navbahor» jamoa xo‘jaligining qarori bilan Ashirboy Ahmedovga 15 sotix yer maydoni ajratilgan, - deydi yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Payariq tuman filiali mutaxassisi Asliddin Toyloqov. - Rustam Nazarqulov esa o‘sha yerni o‘ziniki deb hisoblab da’vo qilgani uchun yillar davomida bu ish bir necha marotaba sudda ko‘rildi, ammo haligacha bir to‘xtamga kelingani yo‘q. 2017 yildagi sudda yer uchastkasini ikkiga bo‘lib berish to‘g‘risida qaror chiqarildi. 2019 yilda esa A.Ahmedovning arizasiga asosan hokim qarori bilan yer ikkiga bo‘lingan, lekin tuman kadastri yoki arxitektura bo‘limi xodimlari ularga yer maydonini o‘lchab bergan emas. Bu yerda ko‘p yil avval Ashirboy Ahmedov poydevor quyib, bino qurish uchun ikki paxsa devor barpo etgan. Rustam Nazarqulov esa devorni buzib, maydonning boshqa tarafidan o‘zboshimchalik bilan kichik o‘lchamda bino qurgan. Yuqoridagi qarorga tayanib yer uchastkasini ikkiga bo‘lishning imkoni yo‘q. Chunki maydonga bir tomondan yo‘l bor, agar yerni uzunligi bo‘yicha ikkiga bo‘lsak, bu yerda imorat qurish mushkul. Lekin yer maydoni qonunan Ashirboy Ahmedovga berilgan. Uni teng ikkiga bo‘lish uchun tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr idorasi, arxitektura, mahalla vakillari ishtirokida yer o‘lchanishi lozim. O‘shanda qonuniy yechim bo‘ladi. Qachonki nizo bartaraf etilib, murosaga kelishsa shunda imorat qurish mumkin.
Omonatga xiyonatmi yoki yolg‘on kelishuv bo‘lganmi?
Xo‘sh, Rustam Nazarqulov haqiqatan ham vaqtinchalik foydalanib turish uchun berilgan yer uchastkasini o‘zlashtirib olganmi? Bu savolga javob topish uchun ikki marotaba R.Nazarqulovni uyiga bordik, ammo u kishini uchrata olmadik.
- Bu yer maydonidan tashqari yana 22 sotix yer uchastkasi bor edi, - deydi R.Nazarqulovning o‘g‘li H.Nazarqulov. – Biz o‘sha 22 sotix yer uchastkasini akamning 15 sotix uchastkasiga almashtirdik, akam bo‘lsa 22 sotix yerni boshqa kishiga sotib yuborib, endi bu yerni ham egallab aolmoqchi bo‘lyapti. Yer maydoni sud va hokimning qarori bilan bizga tegishli ekanligi tasdiqlangan.
A.Ahmedovning aytishicha, bu yer uchastkasi uning otasi tomonidan yangi ochilgan qo‘riq joy bo‘lgan va H.Nazarqulov aytgan bu yer ustida yuqoridagi kelishuv bo‘lmaganligini bildirdi.
- Ashirboy Ahmedov 1993 yilda sobiq «Navbahor» jamoa xo‘jaligining 167 kishiga yer ajratish to‘g‘risidagi qarori, 1994 yilda qishloq fuqarolar yig‘inining qarori bilan o‘ziga berilgan 15 sotix yer maydoni uchun 2014 yilda tuman hokimligiga murojaat qildi va uning bo‘sh turgan yer uchastkasiga egalik huquqi tiklandi, - deydi yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Payariq tuman filiali yuristi Tojiboy Botirov. – Men o‘sha paytda tuman hokimligida yurist bo‘lib ishlardim. O‘shandan keyin aka-uka o‘rtasida sudlashish boshlandi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudining qarori bilan bu masalani ko‘rib chiqish tuman hokimligiga yuklatildi. Tuman hokimligi nizoni bartaraf etish uchun yer uchastkasini ikkiga bo‘lib berish to‘g‘risida qaror chiqardi. Shundan so‘ng Rustam Nazarqulov Ashirboy Ahmedovga 15 sotix yer uchastkasi berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas, deb topish yuzasidan sudga ariza berdi. Quyi instansiyalar ishni rad etgach, Oliy sudga murojaat qildi va ularning tavsiyasi asosida ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudiga o‘tkazildi. Sud ishni ko‘rib chiqib, tuman hokimining egalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi qarorini haqiqiy emas, deb topdi. Shundan so‘ng A.Ahmedovning murojaatiga asosan Oliy sud haqiqiy emas, deb topilgan qarorni bekor qilmasdan, ariza rad qilinib, birlamchi hujjatlar asosida berilgan yer uchastkasi bo‘yicha kadastr idorasiga tavsiya berildi. Sudning tavsiyasiga asosan 2017 yilda A.Ahmedov nomiga 15 sotix ochiq yer maydoni davlat ro‘yxatiga olinib, guvohnoma yozib berildi. Bu hujjat bilan yer uchastkasi A.Ahmedovga tegishli ekanligi davlat ro‘yxatiga olindi. R.Nazarqulov o‘sha guvohnomani haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida yana sudlarga murojaat qildi. Keyin bu masala sud kollegiyasi xulosasi asosida kadastr idorasi tomonidan berilgan 15 sotix yer uchastkasi uchun berilgan guvohnoma qisman haqiqiy emas, deb topildi. Shundan so‘ng 2019 yilgacha yana sudlashish davom etdi. Keyinroq A.Ahmedov 7,5 sotix yer maydoniga rozi bo‘lib, tuman hokimligiga kelib o‘zi ariza bilan murojaat qildi va egalik huquqini tiklash bo‘yicha qaror chiqarildi, lekin haligacha bu qarorning ijrosi ta’minlanmadi. R.Nazarqulov yer ikkiga bo‘lib berilmasdan maydonning bir chetidan kichikkina imorat solib, avval quyilgan poydevordan ham o‘tib devor aylantirib o‘rab olgach, A.Ahmedov endi menga o‘zimga tegishli bo‘lgan o‘sha 7,5 sotix yer maydoni ham berilmasdan qolarkan, degan xayolda murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
A.Ahmedovda bo‘sh yer davlat ro‘yxatiga olinganlik guvohnomasi bor. Lekin qurilish qilish uchun Vazirlar Mahkamasining 370-sonli qarori talabiga asosan davlat xizmatlari markaziga qurilishga ruxsat berish uchun ariza bilan murojaat qilish va hokimning qurilishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori chiqqandan keyingina ikkalasi ham imorat qurishi mumkin. Lekin R.Nazarqulov nomiga berilgan bo‘sh yer maydoni ham davlat ro‘yxatiga olinmagan. Ya’ni, 7,5 sotix maydon ajratib berilgach, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Hozir R.Nazarqulovda yer ajratib berish to‘g‘risida hokim qaroridan boshqa hujjat yo‘q. Yer ajratish dalolatnomasi bo‘lmay turib, yer davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Kadastr idorasi yerni davlat ro‘yxatiga olishi uchun asoslantirilgan hujjat – yettita tashkilot vakillari tomonidan yer o‘lchab berilganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma va hokimning qarori bo‘lishi lozim. Shundan so‘ng kadastr mutaxassislari tomonidan o‘sha yer uchastkasining chizmasi tayyorlanadi. Shuning uchun R.Nazarqulovning kadastr idorasiga qilgan murojaatlari rad etilmoqda.
Hozir ikkilasiga 7,5 sotixdan yer ajratish to‘g‘risida qaror bor, lekin endi ular 15 sotix yerni to‘liqligicha o‘ziga olish istagida. Masalaning yana bir tomoni Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 7 yanvardagi qaroriga asosan 1990-1998 yilgacha bo‘lgan davrdagi kolxoz-sovxozlarning yer ajratish to‘g‘risidagi qarori o‘z kuchida qoladi. Bu esa tuman hokimlarining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori bilan teng darajada inobatga olinadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, A.Ahmedovda birlamchi hujjatlar qonuniy kuchga ega.
Komissiya qachon tuziladi?
Xo‘sh, qonunga ko‘ra yer bir kishiga tegishli bo‘lsa, nega unda masala shuncha yildan buyon bir tomon foydasiga hal etilmayapti?
- Yer uchastkasini ikkiga bo‘lib berish to‘g‘risida qarorga asosan komissiya va ishchi guruh tuzilishi, ular tomonidan yerni o‘lchab, qoziqlar qoqib, yer maydon ikkiga ajratib berilishi kerak va bu haqda tegishli dalolatnoma tuzilishi lozim, - deydi tuman qurilish bo‘limi mutaxassisi Samandar O‘tashev. – Tarkibida tuman qurilish bo‘limi, kadastr idorasi, tuman hokimligi, mahalla, profilaktika inspektori bo‘lgan komissiya ishtirokida yerni topos’yomka qildirib, har ikkisi yo‘l qayerdan bo‘lishi, hovliga kirish joyi o‘lchanib, shaharsozlik qoidalariga mosligi aniqlangach, qoziq qoqiladi. So‘ngra bu hujjat kadastr idorasida ro‘yxatga olinadi. Shundan keyin Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan davlat xizmatlari markazi orqali qurilishga ruxsatnoma olinishi kerak. Hozirgacha bu ish amalga oshirilmagan. Ularning qurilishlari noqonuniy hisoblanadi.
Shikoyat arizasi tahririyatimizga kelganiga bir muncha vaqt o‘tdi. Avvaliga koronavirus pandemiyasi va boshqa sabablar, keyinchalik ish yuzasidan qonuniy o‘rganishlar o‘tkazilayotgani, asosiysi, biri 60, ikkinchisi 70 yoshdan oshgan aka-ukaning yer talashish mojarosi tumandagi mutasaddi idoralar tomonidan ijobiy hal etilishidan umidvor bo‘lganimiz uchun chop etishdan tiyilgandik. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, muammo o‘z holiga tashlab qo‘yildi.
Yana bir mulohaza. H.Nazarqulovning aytishicha, shu yer mojarosini o‘z foydasiga hal etish uchun har ikkala oila ham bittadan uyning puliga teng mablag‘ sarflashgan. Bu nuroniy otaxonlarimiz qishloqdoshlar, farzand-u nabiralarga shunday ibrat bo‘lishadimi? Endi ayting, bu kim uchun g‘oliblik tantanasi bo‘ladi?
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
“Zarafshon”ning maxsus muxbiri.