"Erlar tahqirli-yu, sherlar zanjirli"
Bugun taniqli shoir Mamarasul Boboyev tavallud topgan kun.
M.Boboyev 1911 yil 3 aprelda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. 1931-1936 yillarda Samarqand pedagogika akademiyasining ijtimoiy fanlar fakultetida, 1938 yilda Toshkent pedagogika institutida o‘qigan.
Dastlab Bulung‘ur rayonida o‘qituvchilik qilgan, keyinchalik Namangan pedagogika bilim yurtida va Toshkent maktablarida ona tili va adabiyot fanidan dars beradi.
1941-1946 yillarda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. Keyinchalik, umrining oxirigacha respublika gazeta, jurnal, nashriyotlari va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan.
«Janubiy nuqtada», «Eron daftari», «Sadoqat haqida» she’rlar turkumi va boshqa kitoblari nashr etilgan.
U rus (M.Lermontov, N.Nekrasov, T.Shevchenko, N.Tixonov, K.Simonov), tatar (M.Jalil), avar (R.Hamzatov) shoirlari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Mamarasul Boboyev 1969 yil 23 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.
***
«ZANJIRLANGAN ShER*»
“Zanjirlangan sher” O‘!.. ko‘zida g‘azab,
Atrofiga “la’nat!..” deya boqadi.
Agar erkin bo‘lsa, qudrat shunchaki,
Zulm dunyosini tog‘day yiqadi.
Qarshisida hokim chirik saltanat,
Jallod ko‘zlaridek manfur va qonli.
Erlar tahqirli-yu, sherlar zanjirli,
Fosih haramlarda hayvoniy ishrat...
U zanjirli, demak, bashar zanjirli,
Qullar qilgan isyon, zafar zanjirli.
U zanjirli, demak, she’r zanjirli,
Mehnat, ijod, sevgi, fikr zanjirli.
Bu “Zanjirlangan sher” – mujassam bir xalq,
Bunda gavdalanar: mehnatkash dehqon,
(Bellari dol bo‘lgan omoch uchiday),
Tog‘ qazuvchi, me’mor, qirdagi cho‘pon,
Vijdon, quyosh betli haqiqat va haq...
Bu “Zanjirlangan sher” – mujassam siymo,
Bu – oshiq Majnundir, donishmand Farhod.
Bu – vafoli Shirin va go‘zal Laylo,
Bu – mehribon Shopur, alamli Behzod.
Bu “Zanjirlangan sher” – ulug‘ Alisher,
Ming yillik bilimning o‘lmas qomusi.
Bir sherki, hayotga mangu kelgan er,
Hayotbaxsh va jo‘shqin she’r Amusi.
1939 yil.
***
Suratda Kattaqo‘rg‘on shahar ijodkorlari aks ettirilgan (1960 yillar boshi). Pastki qator, chapdan - Fayzulla Nurillayev, 2-qatorda (chapdan) Tohir Karimov, Muqim Elmurodov, Mamarasul Boboyev, 3-qator (chapdan) 1-S.Sirojiddinov.