Eron qurg‘oqchilik tufayli gumanitar halokat yoqasida: Tehron evakuatsiya qilinishi mumkin

Mamlakat so‘nggi yuz yillikdagi eng og‘ir qurg‘oqchilikni boshidan kechirmoqda. 10 million aholi yashaydigan Tehronda kechasi suv ta’minoti muntazam ravishda o‘chirilmoqda.

Bahor va yoz fasllarida yomg‘ir deyarli yog‘magani sabab suv omborlaridagi taqchillik falokat darajasiga qisqargan.

Prezident Mas’ud Pezeshkian ogohlantirishicha, agar yil oxirigacha yomg‘ir yog‘masa, hukumat poytaxtni evakuatsiya qilishga majbur bo‘ladi.

Qurg‘oqchilik sabab Tehronning ichimlik suvining asosiy manbai bo‘lgan "Amir Kabir" suv ombori deyarli qurib qolgan — hozir u yerda umumiy hajmning atigi 8 foizi qolgan, bu shaharga ikki haftaga ham yetmaydi.

Meteorologlar bu holatni so‘nggi yuz yillikdagi eng mislsiz vaziyat deb atadi.