E’tirof: O‘zbekiston ulamolarining Prezidentga maktubi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi a’zolari va taniqli ulamolar tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga muborak Ramazon oyi munosabati bilan samimiy tabrik va minnatdorlik maktubi yo‘llandi.

Maktubda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar, milliy qadriyatlarimizni tiklash va aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi tashabbuslar yuksak baholangan.

Jumladan, Ramazon oyi arafasida:

- «Vaqf» xayriya jamoat fondiga — 750 milliard so‘m

- Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali — 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi alohida e’tirof etilgan.

Ulamolarning ta’kidlashicha, mazkur qarorlar minglab ehtiyojmand oilalarga amaliy yordam ko‘rsatish, nogironligi va kasalligi bor fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-muruvvat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tajriba va kuzatishlarimizdan ma’lumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha Davlat rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi, deyilgan maktubda.

Shuningdek, yurtimizda 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik ma’rifiy loyihalarning amalga oshirilishi islom ma’rifatiga qo‘shilayotgan munosib hissa sifatida qayd etilgan.

Maktub so‘ngida Prezidentimizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun duolar qilingan.