Yevropada yana bir davlat maymun chechagi uchun karantin e’lon qildi

Maymun chechagi asosan afrika davlatlarida uchrab, odamdan odamga kamdan-kam yuqadigan kasallik hisoblanadi. 

Ammo joriy yilning aprel-may oylarida birin-ketin Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Fransiya, Shveysariya va Shvetsiyada, shuningdek, AQSh, Kanada va Avstraliyada aniqlandi. 

Eng birinchi bo‘lib maymun chechagi uchun o‘tgan oyda Belgiya 21 kunlik karantin e’lon qilgan edi.  

Endilikda Germaniya ham mazkur kasallik uchun karantin e’lon qildi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax maymun chechagi bilan kasallanganlar uchun 21 kunlik karantin e’lon qildi.  

“Biz hududlar rasmiylari bilan birgalikda Robert Kox institutining tavsiyalarini bajardik, bu tavsiyalarning asosiylaridan biri kasallik yuqtirganlar kamida 21 kun izolyasiya qilinishidir”, degan Lauterbax.

Uning fikriga ko‘ra, izolyasiya maymun chechagi kasalligiga chalingan shaxs bilan aloqada bo‘lgan odamlar uchun “qat’iy tavsiya etiladi”.

Olimlarga ko‘ra, maymun chechagi isitma, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, titroq bilan o‘tadi. Kasallanganlarda toshma ko‘pincha yuzda boshlanib, keyin tananing boshqa qismlariga, jumladan qo‘llar, oyoqlar va jinsiy a’zolarga kuzatiladi. Kasallangan odamlarning aksariyati bir necha hafta ichida tuzalib ketadi.