Maymun chechagi qanday kasallik, ushbu virusga qarshi qanday chora ko‘rilmoqda?
Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov mazkur kasallik simptomlari va unga qarshi choralar yuzasidan ma’lumot berdi.
Maymun chechagi virusining tabiiy rezervuarlari va manbalari kemiruvchilar hamda maymunlar hisoblanadi. Maymun chechagi odamga asosan muloqot yoki transmissiv yo‘llar bilan (qon, tishlanish, chechak toshmasi suyuqligi, chechak pufagi orqali) yuqishi mumkin.
Chin chechakka qarshi odamlarni emlash ularni maymun chechagi kasalligidan ham asraydi. Maymun chechagi kasalligining klinik kechishi xuddi chin chechakdagidek namoyon bo‘ladi.
Kasallik 99 foiz holatda yengil kechadi. Kasallikka chalinganlarning barchasini statsionar sharoitda davolashga ehtiyoj yo‘q.
Kasallikning klinik belgilari: eti uvishish, qaltirash, tana haroratining ko‘tarilishi, limfa bezlarining kattalashishi va xuddi chin chechagidek terida toshmalar toshishi. Maymun chechagi kasalligida maxsus davolash usullari ishlab chiqilmagan. Davolash simptomatik olib boriladi.
Kasallikni chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida respublika bo‘yicha davlat chegaralari kesishish joylarida 54 ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shulardan 36 tasi avtomagistral yo‘llarida, 11 tasi Xalqaro aeroportlarda, 6 tasi temir yo‘l va 1 tasi daryo portida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga chegaradan kirib kelayotgan yo‘lovchilarni tibbiy-sanitariya ko‘rigini yaxshilash maqsadida barcha Xalqaro aeroportlar va avtomagistral yo‘llarda joylashgan yo‘lovchi o‘tish oqimi yuqori bo‘lgan sanitariya-karantin punktlari zamonaviy teplovizorlar va kontaktsiz termometr (pirometr)lar bilan yetarlicha ta’minlangan.