JSST: Maymun chechagini yuqtirganlar soni oshmoqda
Dunyoda epidemiologik vaziyat hali barqarorlashgani yo‘q. Ayrim mintaqalarda koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqini kuzatilayotgan bir davrda, boshqa qator hududlarda maymun chechagi infeksiyasini yuqtirgan bemorlar soni ko‘paymoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi hisobotida keltirilishicha, joriy yil boshidan buyon Yer yuzida ushbu xavfli kasallikka chalingan bemorlar soni 73 ming nafarga yaqinlashgan. Ularning 28 nafari infeksiya oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.
Hozirgi kunda mazkur epidemiya ro‘yxatga olingan mamlakatlar soni 109 tani tashkil etmoqda. Ulardan 23 tasi o‘tgan haftada o‘z hududida maymun chechagiga chalinish holatlari ortganini ma’lum qildi.
Xususan, eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi Meksikada qayd etilgan. Yil boshidan beri aniqlangan kasalliklar soni bo‘yicha AQSh hanuz rekordchi. Bu yerda ro‘yxatga olingan jami bemorlar soni qariyb 27 ming nafarga teng.
Keyingi o‘rinlarni Braziliya (8521 nafar), Ispaniya (7239 nafar), Fransiya (4064 nafar) va Buyuk Britaniya (3654 nafar) band etgan.
JSST tahliliga ko‘ra, maymun chechagini yuqtirganlarning aksariyati, ya’ni 97,1 foizi erkaklar. Ular 29 yoshdan 42 yoshgacha bo‘lgan bemorlardir.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.