JSST: Yevropada maymunchechak va COVID-19 keskin o‘smoqda
Yevropada so‘nggi ikki hafta ichida maymunchechak bilan kasallanganlar soni uch barobar oshdi, dedi JSSTning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.
Kluge Yevropa davlatlarini kasallik bilan kurashish uchun ko‘proq harakat qilishga chaqirdi. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma’lumotiga ko‘ra, dunyoning 51 mamlakatida 5000 dan ortiq maymunchechak infeksiyasi qayd etilgan. Yevropa umumiy sonning qariyb 90 foizini tashkil qiladi.
JSSTning Yevropa mintaqaviy direktori, shuningdek, kasallanganlarning 99 foizi erkaklar ekanligini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, bir qator Yevropa mamlakatlari koronavirus bilan kasallanishning o‘sib borayotganidan xavotirda.
Misol uchun, Italiyada bir sutkada 86,3 mingdan ortiq koronavirus holati aniqlangan bo‘lsa, bir kun avval – 83,2 ming qayd etildi. So‘nggi 24 soat ichida 72 kishi koronavirus infeksiyasidan vafot etdi.
Buyuk Britaniyada, o‘z navbatida, bir hafta ichida COVID-19 bilan kasallanganlar sonining deyarli uch baravar ko‘payishi qayd etildi. Iyun oyi oxirida 2,3 millionga yaqin koronavirus holati qayd etilgan.
Fransiya tibbiy xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, 30 iyun kuni mamlakatda 133 000 dan ortiq koronavirus holati aniqlangan, bu o‘tgan haftaga nisbatan 67 foizga ko‘pdir.
Bir kun oldin JSST bu yozda Yevropada koronavirus tarqalishining "yuqori darajasi" kutilayotganini aytdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqaning deyarli barcha mamlakatlarida kasallanish o‘sishi kuzatilmoqda va eng yuqori ko‘rsatkich Avstriya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Lyuksemburg, Portugaliya va Kiprda qayd etilgan.