Falsafada maktab yaratgan olim

Uning falsafiy-axloqiy qarashlari asosan borliq, inson tabiati, axloq va jamiyat munosabatlari atrofida shakllanadi. Uning falsafiy tadqiqotlarida dialektik yondashuv ustunlik qiladi, ya’ni u falsafani faqat nazariy tushuncha sifatida emas, balki hayot bilan uzviy bog‘liq amaliy soha sifatida ko‘radi.
Gap o‘zbek falsafasida muhim o‘rin tutadigan donishmandlardan biri Baxtiyor To‘rayev haqida bormoqda. Zabardast olim falsafa tarixi, bilish nazariyasi, sinergetika, mantiq, axloq, sun’iy intellekt sohalaridagi izlanishlarga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Olim borliqni falsafaning eng umumiy va universal kategoriyasi deb hisoblaydi. U borliqni moddiy va ma’naviy shakllar, real va noreal turlar, o‘tmish, hozir va kelajak ko‘rinishlarini o‘z ichiga oluvchi tushuncha sifatida ta’riflaydi. Uning qarashlarida borliq bilan harakat ajralmas bir butunlikni tashkil qiladi, ya’ni borliq doimo o‘zgarish va rivojlanish jarayonida bo‘ladi. Bu yondashuvda u tabiiy fanlar kashfiyotlariga, xususan, kosmologik modellar va fizika nazariyalariga tayanib, borliqning mohiyatini ochishga harakat qiladi. Shu bilan birga, uning tadqiqotlarida insonning borliq ichidagi o‘rni va u bilan munosabati alohida e’tiborga loyiq.
To‘rayevning axloqiy qarashlari insonning jamiyatdagi roli va mas’uliyatiga qaratilgan. U axloqni inson tabiatining muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘radi va uni tabiat, odat va aql kabi omillar bilan bog‘laydi. Bu yerda u qadimiy faylasuf Arastuning “uch omil odamlarni yaxshi va ezgu xislatli qiladi: tabiat, odat va aql” degan fikriga yaqin turadi, lekin o‘z tahlillari bilan buni boyitadi. To‘rayevga ko‘ra, inson tabiat bilan uyg‘unlikda yashashi, o‘zining ma’naviy va moddiy borligini tushunib, unga muvofiq harakat qilishi kerak. Axloqiy tarbiya esa insonni komillik sari yetaklaydigan asosiy yo‘l sifatida talqin qilinadi.
Olim jamiyatni ma’naviy-axloqiy muhit sifatida ko‘radi. Uning fikricha, jamiyatning rivojlanishi oila va individual axloqdan boshlanadi. Inson o‘z tabiatiga muvofiq yashash bilan birga, jamiyatga foyda keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanishi lozim. Bu yerda u o‘zbek xalqining an’anaviy qadimiy axloqiy qarashlarini falsafiy tahlil bilan uyg‘unlashtirishga intiladi.
U juda mohir notiq hamdir. Uning turli konferensiya va anjumanlarda, televideniye va radiolardagi chiqishlarini, ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlarini tinglagan har qanday odam o‘ziga katta ma’naviy ozuqa oladi. Domla muayyan mavzuda so‘z yuritar ekan, masalaning eng muhim nuqtalarini topib, tizimli, tahlilga asoslangan holda gapiradi.
Domlani o‘zi uchun ilm qilayotgan, izlanayotgan ziyoli deb bo‘lmaydi, u kishini mudom hayotning eng jo‘shqin jabhalarida, eng dolzarb, zamonga hamnafas mavzularda bosiqlik, lekin jonkuyarlik bilan mushohada yuritayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Eng muhimi, har doim xalqimizning yuragida qalqib turgan, ba’zan til uchida turib, botinib ayta olmayotgan muammo-masalalarni nihoyatda ziyraklik va teranlik bilan tilga olib, jamoatchilik e’tiborini mavjud kamchiliklarga qarata oladi. Millat va mamlakat hayotiga daxldor dolzarb mavzularning yechimlari bo‘yicha o‘zining aniq va amaliy taklif-tavsiyalarini, intellektual munosabatini berib boradi. Shunday pallalarda domlaning buyuk mutafakkirlar ma’naviy merosini hozirgi kun nuqtai nazaridan chuqur o‘rgangani, so‘nggi davr klassik olimlar maktabini o‘tagani sezilib turadi.
Shogirdlar borasida ham domlani bemalol baxtiyor ustozlar qatorida sanashimiz mumkin. Bugungi kunda olim yetishtirgan shogirdlar domla boshchiligida Samarqand sinergetika maktabini shakllantirgani barcha-barchamizda havas, ilmga rag‘bat uyg‘otadi.
Ustoz Baxtiyor To‘rayev ilg‘or falsafiy-axloqiy qarashlari bilan falsafa va fan targ‘ibotchisi, o‘z maktabini yaratgan olim sifatida zamonaviy o‘zbek falsafasiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Uning asarlari, xususan, “Borliq (falsafiy tahlil)” monografiyasida, sinergetikaga doir to‘plamlarda bu qarashlar yaqqol namoyon bo‘ladi. U dialektik yondashuv bilan tabiiy va gumanitar fanlarni birlashtirib, borliq va axloqning murakkab munosabatlarini ochib beradi. Shu sababli, uning ijodi o‘zbek falsafasi tarixida muhim o‘rin tutadi va u mazkur muammolarga ham amaliy, ham nazariy yondashuvni qo‘llashni taklif etadi.
Lazizjon Baxronov.
***
P/s: Zabardast olim Baxtiyor To‘rayev shu kunlarda o‘zining qutlug‘ 75 yoshini nishonlamoqda. Payariqlik olimni ushbu tabarruk yoshi bilan qutlaymiz.